Korxona mulkdorining almashuvi sababli MK 100-moddasi 2-qismining 6-bandiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish faqat korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodimga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
Shunga e’tibor qaratish kerakki, bor-yo‘g‘i yangi mulkdorning kelishi va uning mehnat shartnomasini bekor qilishga bo‘lgan xohish-istagi mehnat munosabatlari barham topishi uchun yetarlidir. Boshqacha aytganda, yangi mulkdor korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodimni ishdan bo‘shatish uchun ularning xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yishini yoki mehnat shartnomasi bekor bo‘lishi uchun o‘zga jiddiy asoslar yuzaga kelishini kutib o‘tirishi shart emas.
Yodda tutish lozimki, boshqa barcha xodimlar bilan mulkdor almashgan taqdirda ham ularning roziligiga ko‘ra mehnat munosabatlari davom ettirilaveradi yoxud ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilikka muvofiq holda bekor qilinishi mumkin. Shunga ko‘ra, korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmaganda, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodimdan tashqari har qanday xodim bilan MK 100-moddasi 2-qismining 6-bandiga ko‘ra, ya’ni mulkdor almashganligi sababli mehnat shartnomasining bekor qilinishi noqonuniy deb topiladi.
Shu o‘rinda, mazkur asos bo‘yicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yo‘l qo‘yilishini ta’kidlash lozim. Belgilangan uch oylik muddat o‘tganidan so‘ng mulkdor almashganligini sabab qilib mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emas. E’tibor qaratish lozimki, xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan vaqti, uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi.
1-misol:
2021 yil 12 oktyabr kuni korxona mulkdori almashdi. Yangi mulkdor korxona unga o‘tganligini asos qilib 2022 yil 17 yanvar kuni korxona rahbarini ishdan bo‘shatdi. Korxona rahbari esa yangi mulkdor kelgan kundan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar o‘z faoliyatini hech qanday uzilishlarsiz amalga oshirdi. Ushbu holatda yangi mulkdorning xatti-harakati quyidagi asoslarga ko‘ra noqonuniy hisoblanadi:
birinchidan, mehnat shartnomasi korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy o‘tganidan so‘ng bekor qilinmoqda;
ikkinchidan, korxona rahbari o‘tgan uch oydan ortiq vaqt davomida biron marta vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz deb topilmagan, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lmagan, ya’ni o‘z vaqtida ishda bo‘lib kelgan. Boshqacha aytganda, belgilangan uch oylik muddatning o‘tishini to‘xtatib turuvchi yoxud muddatning tugash sanasini keyinga suruvchi asos mavjud emas.
2-misol:
2021 yil 12 oktyabr kuni korxona yangi mulkdor tasarrufiga o‘tdi. Korxona rahbarining o‘rinbosari esa 2021 yil 5 oktyabr kuni 24 ish kunidan iborat bo‘lgan yillik asosiy ta’tilga chiqqan va 2021 yil 2 noyabr kuni ishga qaytishi lozim. Boshqacha aytganda, korxona yangi mulkdorga o‘tgan vaqtda u endigina ta’tilning 6 kunidan foydalangan. Mazkur holatda uch oylik muddat 2021 yil 12 oktyabr kunidan emas, balki 2021 yil 2 noyabr kunidan boshlanadi.
Bobomurod AVAZOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi