Farg‘ona viloyatida sopol g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonada o‘tkazilgan davlat nazorati tekshiruvi davomida qator jiddiy qonunbuzarliklar fosh etildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining viloyat inspektorlari tomonidan O‘zbekiston tumanida joylashgan “W.B.” MCHJ faoliyati o‘rganildi. Tekshiruv jarayonida korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun zarur bo‘lgan sinov laboratoriyasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, korxonada ishlab chiqarilgan sopol g‘ishtlar O‘zMSt 705:2025 milliy standarti talablariga muvofiq ravishda tashqi ko‘rinishi, o‘lchami, mustahkamligi, zichligi, suv shimuvchanligi va sovuqqa chidamliligi kabi muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha davriy sinovlardan o‘tkazilmagani aniqlangan. Bu holat “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi talablari buzilganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, korxonada foydalanilayotgan 7 dona o‘lchash vositasi metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagani qayd etildi. Mazkur holat O‘z DSt 8.003:2005 davlat standarti hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning 16 va 20-moddalari talablariga zid ekan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, korxona tomonidan 420 070 dona sopol g‘isht — jami 315 million 52 ming 500 so‘mlik mahsulot texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq holda ishlab chiqarilib, realizatsiya qilingani aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan Jamiyat mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Korxonaga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish berildi.
Mas’ullar qayd etishicha, agar bunday qonunbuzarliklar takroran sodir etilsa, realizatsiya qilingan standartlarga mos bo‘lmagan mahsulot qiymatining 100 foizigacha miqdorda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishi mumkin.
Hamroz Bayanov, O‘zA