Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Farg‘ona viloyati bo‘yicha inspektorlari tomonidan Uchko‘prik tumanida joylashgan sopol g‘isht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “A.A.” mas’uliyati cheklangan jamiyatida (nomi o‘zgartirilgan) davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun zarur bo‘lgan sinov laboratoriyasi mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan sopol g‘isht mahsulotlari O‘zMSt 705:2025 milliy standarti talablariga muvofiq belgilangan tartibda davriy sinovlardan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, mahsulotning tashqi ko‘rinishi, o‘lchamlari va shaklining to‘g‘riligi, siqilish va egilishdagi chegaraviy mustahkamligi hamda o‘rtacha zichligi har bir to‘p uchun, ohakli aralashmalar mavjudligi ikki haftada bir marta, bo‘shliqliligi, kislotaga chidamliligi va tabiiy radionuklidlarning solishtirma samarali faolligi (Asam) yiliga bir marta, suv shimuvchanligi va sovuqqa bardoshliligi esa har uch oyda sinovdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, ushbu talablar bajarilmagan.
Mazkur holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasi talablariga zid hisoblanadi.
Bundan tashqari, jamiyatning metrologik ta’minlanganligi va o‘lchash vositalari holati o‘rganilganda, ishlab chiqarish jarayonida foydalanilayotgan jami 6 dona o‘lchash vositasi belgilangan tartibda metrologik tekshiruvdan (qiyoclashdan) o‘tkazilmagani aniqlandi. Bu esa O‘z DSt 8.003:2005 davlat standartining 4.4-bandi hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning 16 va 20-moddalari talablariga mos kelmaydi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 230 million so‘mlik sopol g‘isht mahsulotlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq holda ishlab chiqarilib, realizatsiya qilingani aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan korxonaning mas’ul mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda jamiyatga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA