Milliy matbuot markazida Oliy muhandislik akademiyasi muxbir a’zosi, iqtisod fanlari nomzodi, neft va gaz sohasining fidokori, jamoat arbobi To‘lqin Omonovning hayot yo‘li haqidagi “So‘nmas to‘lqinlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda To‘lqin Omonovning hamkasblari, do‘stlari shogird hamda farzandlari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan hamkasblari kezi kelganda, To‘lqin Omonov Qashqadaryo, Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Farg‘ona vodiysidagi konlar, cho‘llarni piyoda bosib o‘tib, neft va gaz sohasini o‘rganganini, soha rivojiga katta hissa qo‘shganini ta’kidladi. Olimning turmush o‘rtog‘i Ro‘zima Omonova so‘zga chiqib, T. Omonov bilan birga yashagan yillari, “So‘nmas to‘lqinlar” kitobining yaratilishi haqida so‘zlab berdi.
– Turmush o‘rtog‘im hayotlik paytida oilada, jamiyatda qanday inson bo‘lganini, ilmni qanday qadrlaganini o‘zidan keyingi avlod bilishi kerakligi uchun ushbu kitobni yozishga qo‘l urdi, – dedi Ro‘zima aya Omonova.
– Kitobni yozib bo‘lganlaridan so‘ng unga nom tanlashga ancha kun o‘ylanib yurdilar. Nom tanlashda men ham o‘z hissamni qo‘shdim. U kishini hammadan ham ko‘proq yaxshi bilganim, tushunganim uchun “So‘nmas to‘lqinlar” deb nomlashni taklif qildim va taklifim ularga ma’qul bo‘ldi. Darhaqiqat, ushbu kitobda bir zamondoshimizning ibratli umr yo‘li haqida turli xotira, esdalik va dil so‘zlari aks etgan.

“So‘nmas to‘lqinlar” kitobining debochasida shunday satrlar bor: “Qashqadaryo diyoriga qadam qo‘yar ekansiz, sizni uzoq-uzoqlardan osmon bag‘rini quyosh kabi yoritib yuborgan bir yolqin o‘ziga chorlaydi. Bu Sho‘rtan cho‘lining olovli yog‘dulari. Hozirgi “Sho‘rtangaz” konlari joylashgan yer ilgari yaydoq bir yalanglik bo‘lgan. Atrofini qizg‘aldoqlar alvoni tutib yotgan bahor kunlarining birida, ana shu yalanglikda ezgu bir ishga bel bog‘lagan quruvchilarning vagon-uychalari paydo bo‘ldi. Keyin qurilish ishlari boshlandi... Bu ulkan majmuaning barpo bo‘lishida To‘lqin Omonovning beqiyos xizmati bor...»
“So‘nmas to‘lqinlar” kitobida qariyb 60 ga yaqin samimiy e’tirof, xotira, dilnomalar o‘rin olgan. Uni varaqlar ekansiz, Qashqadaryo vohasidagi neft va gaz korxonalarining mahalliy mutaxassislar bilan ta’minlanishi, gaz va neft sanoati taraqqiyotida O‘zbekiston Muhandislik akademiyasi muxbir a’zosi, jamoat arbobi To‘lqin Omonov qo‘shgan beqiyos hissani o‘zingizcha tasavvur qilasiz.

To‘lqin Omonov izlanuvchan olim sifatida rahbarlik faoliyatini ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘lab olib bordi. 1988 yilda "Neft-gaz geologiya qidiruv ishlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzuida ilmiy ish yoqlab, iqtisod fanlari nomzodi bo‘ldi. Olim ushbu mavzuda bir monografiya, o‘n beshga yaqin ilmiy maqola e’lon qildi.
Ushbu xotira kitobida taniqli jamoat arbobi, geologiya ilmi fidoiysi To‘lqin Omonovning qarindoshlari, hamkasblari, ustozlari, shogirdlari va do‘stlarining iliq xotiralari jamlangan.
N. Rahmonova, O‘zA