English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘ngi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari yigirma foizga ko‘paygan
17:37 / 2022-06-15

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi o‘limlarning 16 foizini yurak-qon tomir kasalliklari tashkil etadi.

Har yili 17,9 million kishi yurak-qon tomir kasalliklari tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Yurak-qon tomir kasaliklarining 8 milliondan ko‘prog‘i yurak ishemik kasalligiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Ayniqsa, 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri keladi. So‘nggi besh yilda bunday kasalliklar 20 foizga, jumladan, yoshlar orasida ham ko‘paygan. 4 millionga yaqin kishida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, ular umumiy aholining 12 foizini tashkil etmoqda.

Yurtimizda ham bu borada vaziyat qoniqarli emas. Aholi orasida umumiy kasallanish strukturasida yurak-qon tomir kasalliklari nafas olish organlari kasalliklari va qon ishlab chiqaruvchi a’zolar kasalliklaridan keyin uchinchi o‘rinda bo‘lishiga qaramasdan yurak-qon tomir kasalliklaridan bo‘ladigan o‘lim holatlari birinchi o‘rinni egallaydi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, xususan, aholiga ko‘rsatilayotgan kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash, hududlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash ishlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  

Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Kardiologik kasalliklarning oldini olishda sog‘lom turmush tarzining ahamiyati” mavzuida o‘tkazilgan konferensiyada ham ta’kidlandi.  

Konferensiyada yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, bu borada targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, birlamchi tibbiy sanitariya bo‘g‘inida yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Mazkur kasalliklarni erta aniqlashda raqamli texnologiya, telemeditsina va telemetriya imkoniyatlarini keng joriy etish, kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratildi. 

Bundan tashqari, konferensiya ishtirokchilari birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan davriy tibbiy ko‘riklarni yo‘lga qo‘yish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash, hududlarda ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik, kam invaziv kardiologik hamda kardiojarrohlik tibbiy xizmatlar ko‘lamini oshirish hamda yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.  

Mohigul Qosimova, O‘zA