Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2018–2021 yillar mobaynida yo‘l xo‘jaligi sohasida ijobiy o‘zgarishlarga erishildi.
Jumladan, so‘nggi uch yilda respublika hududida 19,8 trillion so‘m mablag‘ hisobiga 45,3 ming kilometrdan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va xo‘jaliklararo ichki yo‘llarda qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari olib borilgan.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida 339,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, 497 kilometr uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari sementbeton qoplama bilan rekonstruksiya qilingan.
Bundan tashqari, sohaga xalqaro moliya institutlari, xususan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi hamda Islom taraqqiyot banki mablag‘lari respublikaning xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarini rekonstruksiya qilishga faol jalb etilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA