Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
–Har safar bu viloyatga kelganimda, odamlardagi ko‘tarinki kayfiyatni, kattayu-kichik doimo harakatda, izlanishda yurganini ko‘rib quvonaman.
Bugun ham hududdagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
So‘nggi yillarda Namanganda salmoqli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Ertaga boshlanadigan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumga Namangan shahri mezbonlik qilayotgani bejiz emasligi qayd etildi.
Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaydi. Bu, eng avvalo, yaratilgan sharoit va viloyat aholisining mashaqqatli mehnati bilan bo‘lgani ta’kidlandi.
So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kirdi, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, 1 mingdan oshdi. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar oshdi. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan kichik biznes va tadbirkorlik orqali daromad topmoqda.
O‘zA