French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”dan keyingi o‘ylar
11:45 / 2025-05-26

“Toshkent shahar Olmazor tumani 46-maktab o‘qituvchisi Nafisaxon Usmonova yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish borasidagi ko‘p yillik samarali va halol xizmatlari uchun ushbu faxriy yorliq bilan taqdirlanadi.”

Maktabda salkam 50 yil o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan Onajonimning umr bo‘yi orttirgan yagona mehnat mukofoti – birgina faxriy yorliqda ana shunday so‘zlar bitilgan... Nega  bularni aytayapman?  

Yuzlab, minglab ustoz-peddagoglar bugun kasbidan baraka topib, mehnatining rohatini ko‘rmoqda. Keyingi yillarda maktab sohasida ellik yil emas, o‘n yilning nari berisida samarali mehnat qilgan ustoz pedagoglar borki, bari 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni, O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida  Vatanimizning yuksak orden va medallari, mo‘’tabar unvonlari bilan taqdirlanishi endilikda shonli an’anaga aylangan. O‘qituvchilarning ijodiy salohiyatini baholashni maqsad qilgan ko‘plab ma’rifiy tanlovlar, loyihalar joriy etildi. Bu an’ana har bir muayyan davrda ustozlarga qaratilayotgan e’tiborni taqqoslashga imkon berishi bilan diqqatga sazovor. Zahmatli mehnati bilan fidoyilikni, halollikni hayot shioriga aylantirgan minglab ustozlarning borligi qanchalar yaxshi.  

Aslida har yili “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 25 may kuni bo‘lib o‘tardi. Bu yil shu kun yakshanbaga to‘g‘ri kelgani sababli 24 mayda mamlakatimizda  katta shodu xurramlik bilan tantana qilindi.

Onajonim garchi nafaqada bo‘lsalar-da, 25 mayni hayajon, havas, hayrat va biroz xomushlik bilan kutib olar edilar. Sababi, o‘z kasbini astoydil yaxshi ko‘rgan, unga sadoqat bilan xizmat qilgan o‘qituvchi borki, 25 mayni o‘zgacha hayajon bilan nishonlamasligining iloji yo‘q. Zero, har bitiruvchi o‘qituvchi mehnatining natijasi, zahmatlarining samarasi sanaladi.  

Maktabda o‘qituvchi yetishmasligi sababli Oyim adabiyot, ham boshlang‘ich ta’limdan dars berar edilar. Bilimi pastroq o‘quvchilarni darsdan so‘ng olib qolib, ular bilan qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tkazardilar va bu qo‘shimcha mashg‘ulotlarni mutlaqo bepul asosda olib borar edilar. Uyga charchab-horib, ovozlari bo‘g‘ilib kelgan Onajonimdan ranjigan bo‘lib, “Oyi, sizga  darsdan so‘ng tekindan-tekinga qo‘shimcha yuklamaning nima keragi bor?”, degan savolimga quyidagicha javob olardim. “Falonchi sal kamxarj, serfarzand  oiladan, falonchi o‘quvchining otasi o‘tib qolgan,  yana birovining onasi maktab hovlisini chinnidek saranjom-sarishta qilib, shuning orqasidan ro‘zg‘or tebratadi, bolasiga dars mavzularini yetkazib olishda yordamlashishni iltimos qilishadi-da”.  Ehtimolki, bu o‘quvchilar akademik bo‘lib, minbarlarning to‘riga chiqib ketmagandir. Lekin ular oddiy vrach, ishchi, texnik xodim, novvoy, pazanda, muhandis bo‘lishi bilan birga  o‘z ustozidan –  Oyijonimdan odamiylik, mehnatsevarlik, to‘g‘rilik, halollik sabog‘ini olgani aniq!

Onajonimning zahmatli mehnatlari tufayli o‘sha  davrning o‘qituvchilar uchun yana bir bosh og‘riqli g‘alvasidan qaysidir ma’noda xabardor edim. “Mikrouchastka” deb nom olgan bu yuklama o‘qituvchilar uchun haqiqiy ma’nodagi ovoragarchiliklar, g‘alvaning koni edi. Mahalladagi muayyan hududlar har bir o‘qituvchiga bo‘lib berilib, unda joylashgan xonadonlarda istiqomat etuvchi yoshlar qayerda ishlayapti, qayerda o‘qishni davom ettirayapti, bularning bari haqida o‘qituvchi to‘laqonli va haqqoniy  ma’lumotnomalar to‘plashi kerak edi. Bu degani – har bir yosh o‘qiydigan texnikum, bilim yurti, mehnat tashkiloti, oliy o‘quv yurtidan o‘sha o‘spirin, yigit yoki qizning chindan o‘qishi yoki ishlashi haqida ma’lumotnoma olish kerak edi. Oyim darsdan so‘ng ba’zan ana shunday mikrouchastkada uyma-uy, texnikumma-texnikum  yurib, ma’lumot to‘plash bilan band bo‘lib qolardilar.  

Uyga qaytgach, ro‘zg‘or yumushlarini tinchitib, kechasi qalin-qalin daftarlarga konspekt, kunlik, haftalik, oylik, yillik rejalarni har birini alohida-alohida yozish bilan band bo‘lar edilar. O‘quv yili yakunida esa sinfxonalarining remonti ham o‘qituvchi zimmasida edi... Ijtimoiy ob’ektlarning qurilishi yakunlangach, ularni tozalash, “binoyidek” ko‘rinishga keltirishga ham albatta, o‘qituvchilar mas’ul edi. Bu tashvishlar o‘z davrida barcha o‘qituvchilarning boshida bor edi!

Bugun o‘qituvchilarga e’tibor mutlaqo o‘zgardi. Bunday munosabat, e’tibordan pedagoglarning dimog‘i baland, ularning ijtimoiy mavqei va maqomi ham avvalgi yillardan mutlaqo farqlanadi. Har yili “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joylardagi maktablardan reportaj tarzida yoritamiz. Har yili hech qanday mubolag‘a va istisnosiz shunday holatga duch kelamiz. Holat shuki, sharlaru gullar bilan bezatilgan maktab hovlisida albatta, qo‘g‘irchoqdek yasangan o‘qituvchining balanddan kelgan so‘roq-savoliga  ro‘para  bo‘lamiz. “Haa,  siz kimsiz? Roditelmisiz (ota-onamisiz, demoqchi) , huv narigi chetga o‘ting, hozir bu yerga kattalar kelishadi, hademay bayram boshlanib qoladi!”. O‘zimni tanishtirgach esa muomala-munosabat sal o‘zgargandek bo‘ladi. Mayli-da, o‘qituvchilar balanddan kelsa ham, har holda jamiyatda  ustozlarning obro‘si, nufuzi yuqori bo‘lgani yaxshi.      

Faqat yagona istak, tilak shuki, davlat va jamiyat tomonidan  hurmat ko‘rsatilayotgan o‘qituvchilarimiz  ana shu e’tibor va  hurmatning, yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetsinlar! Zero, ular ta’lim-tarbiya berayotgan avlod ertaga yurtga egalik qiladi! Mamlakatning taraqqiyoti, rivojlanishi, xavfsizligi, osoyishtaligi ana shu avlodning qo‘lida bo‘ladi!

Nazokat Usmonova, O‘zA