Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi qo‘ng‘iroq: unutilmas va hayajonli lahzalar
12:36 / 2025-05-24

Andijon viloyatidagi 765 ta umumta’lim maktabi hamda davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida “Ilm – eng buyuk sharaf” shiori ostida so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Pedagoglar, o‘quvchilar, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda mamlakatimizda umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, o‘quvchi yoshlarga puxta bilim berish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, buning samarasi o‘laroq, ta’lim sifati va samaradorligi, erishilayotgan yutuqlar ko‘lami yildan-yilga ortib borayotgani qayd etildi.  

Joriy o‘quv yilida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida 500 ming nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oldi, ularga 45 ming nafardan ortiq pedagog ta’lim-tarbiya berdi. Maktablarda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning puxta bilim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.  

Bu yil viloyatdagi umumta’lim va ixtisoslashtirilgan  maktablarni 37 ming 900 nafar yosh tamomlamoqda. Ulardan 3 ming nafarga yaqini milliy va xalqaro sertifikat sohibi bo‘lib, muddatidan avval oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish imkonini qo‘lga kiritgan.  

Bugun viloyatdagi barcha umumta’lim muassasalarida so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tdi.  

Andijon shahridagi 11-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

[gallery-23554]

Shundan so‘ng bitiruvchilarni Andijon shahar hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, maktab direktori Olga Chen, ota-onalar vakillari muborakbod etdi.  

– Joriy o‘quv yilida maktabimizda 2 ming 548  nafar o‘quvchi tahsil oldi, - deydi maktab direktori Olga Chen. – Bu yil 135 nafar o‘quvchimiz maktabni muvaffaqiyatli tamomlamoqda.  

Bir dunyo orzular bilan katta hayotga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilarimizning aksariyati oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish niyatida. Yana bir guruhi o‘zi tanlagan yo‘nalishda tadbirkorlik qilish, o‘rgangan kasbi bo‘yicha ishlashni niyat qilgan. Ishonamanki, ularning barchasi yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib kamol topadi.  

Joriy o‘quv yilida maktabning o‘nga yaqin o‘quvchisi, shahar, viloyat fan olimpiadasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi, 16 nafar o‘quvchi esa xorijiy tillar va fanlarni bilish darajasi bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.  

Tadbirda bitiruvchilarni ustozlari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar muborakbod etdi. Maktabni a’lo baholarga tamomlayotgan bir guruh faol o‘quvchilar, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari maktab ma’muriyati tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Bitiruvchilar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, o‘quvchilarning ona yurt, maktab, ustozlar va yoshlik haqida o‘qigan she’rlari davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.  

– Men maktabni a’lo baholarga tamomlash bilan birga, ingliz tili bo‘yicha xalqaro, o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha milliy sertifikatni qo‘lga kiritdim, arab tilini o‘rgandim, - deydi 11- sinf bitiruvchisi Latofatxon Tojimatova. – Bu albatta, kelgusida oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qishim uchun keng imkoniyat beradi.  

Katta hayotga qadam qo‘yayotgan biz yoshlar kelgusida o‘zimiz tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lishga, ustozlarimiz, ota-onamizning ishonchini oqlashga, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan insonlar bo‘lishga astoydil harakat qilamiz.  

Bu kabi so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi.  

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.