Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi
10:23 / 2024-05-14

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim muassasalarida 2023-2024 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Vazirlik matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari joriy yilning 25 may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etiladi.  

Tadbirlarga maktab o‘quvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi. Mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda tashkil etiladi.  

Faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahalla faollari, o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi. Yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantiriladi.  

Maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar beriladi.  

2023-2024 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:  

➖ turli restoran va kafelar, xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazish, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘larini yig‘ish;  

➖ bitiruv tadbirlarida o‘quvchilardan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish.  

➖ o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari, cho‘milish havzalariga borishi.  

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimdagi barcha xodimlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillaridan joriy o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazishda mazkur tavsiyalarga amal qilishlarini so‘rab qoladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA