Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”: katta va mustaqil hayotga chorlov!
10:32 / 2023-05-25

25 may kuni mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2022/2023 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu quvonchli kun nainki o‘quvchilar va ularning ustozlari, balki ularning ota-onalari uchun ham katta va g‘oyat hayajonli bayramga aylandi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 241-umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari baland ruhda o‘tdi. Maktabga erta tongdanoq o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, mahalla va jamoatchilik vakillari to‘plandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlari”ga tabrigini o‘qib eshittirdi. Maktab direktori Ziroat Ermatova  ta’kidlanganidek, bugun barcha uchun juda hayajonli kun.  Bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga Prezidentimizning tabrigi o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Keyingi yillarda maktab va maktabdan tashqari ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda. Bularning bari yoshlarning o‘zi tanlagan soha bo‘yicha puxta bilim olib, yuqori malakali kadr bo‘lib yetishi yo‘lida muhim omil bo‘lmoqda. Ta’lim sohasi ham katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Ota-onalar, pedagoglar, keng jamoatchilik, o‘quvchilarning fikri, takliflarini inobatga olgan holda soha muttasil  o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Ustoz-pedagoglar uchun ko‘plab yengilliklar yaratilmoqda. Ularni ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiyadan, o‘zlarini taalluqli bo‘lmagan jamoat ishlaridan, turli majlisbozliklardan xalos etish, vaqti va imkoniyatini ta’lim sifatiga, yoshlar tarbiyasiga to‘liq safarbar etishi yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Buning natijasida o‘quvchilar turli fan olimpiadalari, sport musobaqalari, ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyat qozonmoqda.

Bu yil 241-maktabning 11-sinfini 39 nafar o‘quvchi bitiryapti. Ular orasida  turli olimpiadalarda  muvaffaqiyatli qatnashib, muddatidan avval talaba bo‘lgan yoshlar borligi e’tiborlidir.

Samariddin Paritdinov ularning biri.

– Matematika fani bo‘yicha fan olimpiadasida yaxshi natijalarga erishib, muddatidan oldin Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti talabasi bo‘ldim, – dedi Samariddin. – Bularning barchasi ustozlarimning mehnati natijasidir. – Davlatimiz rahbarining biz – bitiruvchi yoshlarga tabriklaridan juda xursand bo‘ldik, – dedi ushbu maktabning oltin medalli  bitiruvchisi Mohira Shokirova. – Bizga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborga namunali o‘qish, faol izlanishlarimiz bilan javob berish burchimiz.

Tadbirda ko‘p yillar samarali mehnat qilgan ustozlarga faxriy yorliqlar, “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, a’lo baholarga o‘qib, o‘z faolligi bilan barchaga ibrat bo‘lgan bitiruvchilar ham munosib taqdirlandi.

Tadbirda Vatan, mustaqillik, mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlari, yoshlarga qaratilayotgan mehr va e’tiborni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Qalblarni hayajonga to‘ldirib “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq”lar chalinib, qariyb 392 ming nafar yosh qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashdi.

Bu kabi tantanali tadbirlar mamlakatimizdagi  barcha umumta’lim maktablarida   yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

 

Nazokat Usmonova, Davron Ernazarov (suratlar),

O‘zA