Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman
17:30 / 2021-05-21

Jamiyatda shunday insonlar borki to‘g‘ri yo‘l qolib qing‘ir yo‘ldan yurishga, jinoiy illatlarni kasb qilib tezda moddiy boylik orttirishga harakat qiladi. Natijada ayni yoshlik paytini, eng qimmatli vaqtini panjara ortida o‘tkazishga mahkum bo‘ladi. Har qanday jinoyatga qonuniy jazo muqarrar ekanligi qancha takrorlanmasin ayrim odamlar bunga parvo qilmaydi, qo‘liga kishan solingandagina pushaymonligini ta’kidlashdi.

Hali 30 yoshli, bilagi baquvvat, ustiga ustak oliy ma’lumotli Sherzod(ismi o‘zgartirilgan) biror joyda ishlashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Ammo, oilani to‘kis, ro‘zg‘orni but qilish kerak edida. U ishga joylashishdan ko‘ra, tezroq katta miqdorda pul topishni o‘ylardi. O‘ylagan rejalari uni dastlabki jinoyat ishi firibgarlikka yetakladi.

Sherzod firibgarlikning eng ommalashgan turi pul evaziga universitetga kiritishni tanladi. Odamlarimiz ham soddada «o‘lja» o‘ylaganidan ham tezroq topildi. 2020 yil 11 iyul kuni Urganch shahar, «Gurlan» ko‘chasida joylashgan kafe ro‘parasida jabrlanuvchi U. Qodirov bilan uchrashib, o‘g‘lini Urganch Davlat universitetining «Jismoniy madaniyat» fakultetiga davlat byudjeti asosida o‘qishga 1000 AQSH dollari evaziga kiritishiga ishontirib, aytilgan pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Sherzodga osongina topilgan pul yoqqan shekilli, endi o‘ylab yurgan kattaroq va qaltis rejasini amalga oshirishga kirishdi. Bu galgi nishon AT «Xalq banki» Xorazm filiali amaliyot bo‘limi qoshidagi «Tinchlik» bank xizmatlari markazi edi. U markazga mijoz sifatida doimiy borgani va xodimlarga ham tanish bo‘lib qolgani uchun ishda qiyinchilikka uchramadi.

2020 yil 30 oktyabr kuni soat 10:30 larda Urganch shahar, «Jizzax» ko‘chasi, 4/1-uyda joylashgan «Tinchlik» bank xizmatlari markazi binosi yoniga borib, markaz boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank sohasi bo‘yicha DXX viloyat boshqarmasi mas’ul xodim deb tanishtirib, jinoiy harakatlari oshkor bo‘lib qolmasligi uchun Xorazm viloyat shevasiga xos bo‘lmagan shevada gapirib, birga ishlovchi sherigi bilan tezda DXX viloyat boshqarmasi binosi oldiga kelishini aytadi.

Ular markaz binosidan chiqib ketishganidan so‘ng, markazga mijoz sifatida kirib, g‘aznachi I. Valijonovaning(ism-sharifi o‘zgartirilgan) yolg‘iz qolganidan foydalanib, g‘azna xonaga bostirib kirib, I. Valijonovaga hujum qilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, boshini temir seyfga urib tan jarohatlari yetkazadi. Keyin bank markazidagi qiymati – 218 million 469 ming 149 so‘mlik 21 ming 088 AQSH dollari va 20 million 847 ming 565 so‘m pullarini hamda I. Valijonovaning qiymati – 2 million 200 ming so‘mlik “Samsung” rusumli telefon apparatini qo‘lga kiritib, jami 241 million 516 ming 714 so‘m pullarni bosqinchilik yo‘li bilan egallab, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.

Har doimgidek jinoyatga oxirgi nuqta sudda qo‘yildi. 2021 yil 9 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida ko‘rib chiqilgan ishda barcha dalillar o‘rganilib, tomonlarning ko‘rsatmasi eshitilib, Sherzodga O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a» bandi, 57-moddasi, 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi, 59, 61-moddalari tartibida uzil-kesil 11 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mahkum qo‘liga kishan solingach qilgan ishidan pushaymonligini ta’kidladi. Uning pushaymonligi esa qilgan jinoyatini oqlay olmasligini o‘zi ham yaxshi bilardi. Shunga qaramay o‘z huquqidan foydalanib, birinchi instansiya sudi tomonidan og‘ir jazo tayinlanganini bildirib, aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy ahvolini inobatga olib, tayinlangan jazoni yengillatishni so‘rab Xorazm viloyat sudiga apellyatsiya tartibida murojaat qildi.

Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Sherzodning aybi shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar vakili, guvohlarning ko‘rsatuvlari, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi va unga ilova qilingan fotosuratlar, sud-daktiloskopik ekspertiza xulosasi, sud-tibbiy ekspertiza xulosasi, ashyoviy dalilni olish dalolatnomasi, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish bayonnomasi va unga ilova qilingan fotosuratlar, disk, tilxat hamda ishdagi mavjud boshqa dalillar yig‘indisi bilan isbotlanganligi ko‘rib chiqildi.

Birinchi instansiya sudi tomonidan Sherzodning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 4-qismi «a» bandi, 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblandi.

Shuningdek, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi Sherzodga nisbatan jazo tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi 1-sonli «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori talablaridan kelib chiqib, ishdagi aniqlangan yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olib, qonuniy va adolatli jazo tayinlagan degan xulosa qildi.

Sudlov hay’ati ajrimida O‘zbekiston Respublikasi JPKning 497(26), 497(31)-moddalarini qo‘llab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining 2021 yil 9 fevraldagi Sherzodga oid hukmi o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilishi belgilandi.

Sardor Toganov,
Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi.

Bunyodbek Husinov,
Xorazm viloyat sudining jamoatchilik va
OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti.