Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan liftlarning xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi, “Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hamda “Muvofiqlikni baholash idoralarini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan liftlarni loyihalash, o‘rnatish va undan xavfsiz foydalanishda iqtisodiy operatorlarning mas’uliyati va javobgarligini belgilash, “Bozor nazorati” tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Liftlar muvofiqligini tasdiqlash “modul” tizimi asosida o‘tkazilishi va mahsulot xavfidan kelib chiqib, uni tizimli va bosqichli baholab borish mexanizmlari tartibga solinadi.
[gallery-24370]
Shuningdek, liftlarning muvofiqligini baholashda eskirgan texnik talablardan voz kechilib, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan baholash tizimi yaratilmoqda.
Ushbu qarorlarda lift va lift xavfsizlik qurilmalarini loyihalashdan boshlab, o‘rnatish va undan xavfsiz foydalanishda iqtisodiy operatorlarning mas’uliyati va javobgarligi belgilanmoqda.
Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda liftlarning sifati va xavfsizligi bilan bog‘liq 4 ta baxtsiz hodisa yuz berdi. Ushbu holatlar bir qancha omillar bilan bog‘liq bo‘lib, amaldagi qonunchilik bilan liftlarni o‘rnatish, muvofiqligini baholash, o‘rnatilgan liftlarning texnik ko‘riklari va servis xizmatini amalga oshirish hamda bozor ishtirokchilariga talablar belgilanmagan edi.
Matbuot anjumanida bildirilishicha, so‘nggi 2 yildagi tahlillar respublikada o‘rnatilgan 11,4 mingta liftlarning 8,9 mingtasi (78 foiz) texnik sinovdan o‘tkazilmagani, 6 mingtasida (52 foiz) texnik pasport mavjud emasligi hamda 7,4 mingtasida (65 foiz) texnik xizmat ko‘rsatuvchi mavjud emasligini ko‘rsatdi. Liftlarning xavfsizligini ta’minlash sohasini tartibga solish maqsadida butunlay yangicha tizim joriy qilinmoqda.
– Amalda mamlakatimizda o‘rnatilgan liftlarda servis xizmatlari hamda texnik ko‘riklarini o‘tkazish samarasiz bo‘lgan. Rivojlangan ilg‘or mamlakatlarning samara berib kelayotgan boy tajribasiga asoslangan holda binolarga o‘rnatilgan liftlarni servis va texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha yangi amaliyot joriy etilmoqda, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakili Raufjon Rasulov. – Liftlarga nisbatan xavfsizlik talablari to‘liq halqaro standartlarga asoslanmoqda. Ularning muvofiqligini baholash “modul” tizimi asosida tayinlangan idora tomonidan amalga oshirilishi hamda “milliy muvofiqlik belgisi” bilan tamg‘alash amaliyoti joriy etilishi nazarda tutilgan. Huquqiy eksperiment tariqasida “Bozor nazorati” tizimini joriy etish nazarda tutilib, bunday tizim rivojlangan davlatlarda nafaqat liftlardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, balki liftlarni eksport qilishda ham samara bermoqda. Joriy etilayotgan yangi amaliyotlar natijasida baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga erishiladi.
Endilikda liftlarning texnik ko‘riklarini amalga oshiruvchi tashkilotlar xalqaro standartga muvofiq bo‘lishi hamda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan holda bino va inshootlarda o‘rnatilgan liftlar “dastlabki” va har 12 oyda “davriy” texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Liftlarni texnik holatiga qarab xavflarga ajratish hamda ularni “yashil”, “ko‘k”, “sariq” va “qizil” rang bilan yorliqlash yordamida aholi va jamoatchilikning xabardorligini oshirish va xavfsiz foydalanishni nazorat qilish imkoniyati yaratiladi. Aholi va keng jamoatchilik ushbu o‘rnatilgan yorliqlar yordamida nosoz yoki xavfli liftlarni oson aniqlab olishlari, zarur hollarda vakolatli nazorat organlariga xabar berishlari mumkin bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O.Pardayev (surat), O‘zA