Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda liftlarning xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Raufjon Rasulov qayd etganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”, “Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” hamda “Muvofiqlikni baholash organlarini tayinlash (notifikatsiya qilish)tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlar qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar bilan liftlarni loyihalash, o‘rnatish va undan xavfsiz foydalanishda iqtisodiy operatorlarning mas’uliyati va javobgarligini belgilash, “bozor nazorati” tizimini joriy etish hamda liftlar muvofiqligini tasdiqlash “modul” tizimi asosida o‘tkazilishi va mahsulot xavfidan kelib chiqib uni tizimli va bosqichli baholab borish mexanizmlari tartibga solinmoqda. Shuningdek, liftlarning muvofiqligini baholashda eskirgan texnik talablardan voz kechilib, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan baholash tizimi yaratilmoqda.
Ushbu qarorlarda, lift va lift xavfsizlik qurilmalarini loyihalashdan boshlab, o‘rnatish va undan xavfsiz foydalanishda iqtisodiy operatorlarning (ishlab chiqaruvchi, o‘rnatuvchi, vakolatli vakil, import qiluvchi va distribyutor) mas’uliyati va javobgarligi belgilanmoqda.
– Oxirgi yillarda lift sifati va xavfsizligi bilan bog‘liq 4 ta baxtsiz hodisa yuz berdi (3 ta Xitoydan va 1 ta Turkiyadan import qilingan liftlarda), – dedi Raufjon Rasulov. – Bunga bir qancha omillar bog‘liq bo‘lib, amaldagi qonunchilik bilan liftlarni o‘rnatish, muvofiqligini baholash, o‘rnatilgan liftlarning texnik ko‘riklari va servis xizmatini amalga oshirish hamda bozor ishtirokchilariga talablar belgilanmagan edi. Bundan tashqari, so‘nggi 2 yildagi tahlillar respublikada o‘rnatilgan 11,4 mingta liftlarning 8,9 mingtasi (78 foiz) texnik sinovdan o‘tkazilmagani, 6 mingtasi (52 foiz) texnik pasporti mavjud emasligi hamda 7,4 mingtasida (65 foiz) texnik xizmat ko‘rsatuvchi mavjud emasligini ko‘rsatdi.
Liftlarning xavfsizligini ta’minlash sohasini tartibga solish maqsadida ushbu sohada samarali tizimni joriy etgan Yevropa Ittifoqi va Turkiya tajribasi asosida O‘zbekistonda xalqaro talablarga to‘liq muvofiq bo‘lgan va liftlarning butun hayot sikli, loyihalashdan tortib utilizatsiyasigacha bo‘lgan bosqichlarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan butunlay yangicha tizim joriy qilinmoqda.
Amalda respublikamizda o‘rnatilgan liftlarda servis xizmatlari hamda texnik ko‘riklarini o‘tkazish samarasiz bo‘lgan. Rivojlangan ilg‘or mamlakatlarning (Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari) samara berib kelayotgan boy tajribasiga asoslangan holda binolarga o‘rnatilgan liftlarning servis va texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha yangi amaliyot joriy etilmoqda.
Liftlarga nisbatan xavfsizlik talablari to‘liq xalqaro standartlarga asoslanmoqda. Ularning muvofiqligini baholash “modul” tizimi asosida tayinlangan (notifikatsiya qilingan) idora tomonidan amalga oshirilishi hamda “milliy muvofiqlik belgisi” bilan tamg‘alash amaliyoti joriy etilishi nazarda tutilgan.
Huquqiy eksperiment tariqasida “bozor nazorati” tizimini joriy etish nazarda tutilib, bunday tizim rivojlangan davlatlarda nafaqat liftlardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, balki liftlarni eksport qilishda ham samara bermoqda.
– Joriy etilayotgan yangi amaliyotlar natijasida liftlardan foydalanuvchilar va jamiyatda hayot sifati yaxshilanib, baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga erishiladi, – dedi Raufjon Rasulov. –Ushbu qabul qilingan qarorlar bilan, O‘zbekistonda xalqaro tajribaga asoslangan mutlaqo yangi amaliyot joriy qilinishi natijasida aholi va jamoatchilikning liftlardan xavfsiz foydalanishi ta’minlanadi. Endilikda, liftlarni texnik ko‘riklarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ISO/IEC 17020 xalqaro standartiga muvofiq bo‘lishi hamda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan holda bino va inshootlarda o‘rnatilgan liftlar “dastlabki” va har 12 oyda “davriy” texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Liftlarni texnik holatiga qarab xavflarga ajratish hamda ularni “yashil”, “ko‘k”, “sariq” va “qizil” rang bilan yorliqlash yordamida aholi va jamoatchilikning xabardorligini oshirish va xavfsiz foydalanishni nazorat qilish imkoniyati yaratiladi. Aholi va keng jamoatchilik, ushbu o‘rnatilgan yorliqlar yordamida nosoz yoki xavfli liftlarni oson aniqlab olishlari, zarur hollarda vakolatli nazorat organlariga xabar berishlari mumkin bo‘ladi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda xalqaro tajribaga asoslangan mutlaqo va tubdan o‘zgartirilgan yangi amaliyot joriy qilinishi nafaqat lift va undan foydalanishda, balki kelgusida ushbu tizim asosida boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, loyihalash va muvofiqligini baholash va nazorat qilish mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishdagi ilk qadamlar hisoblanadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA