Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi besh yilda tibbiy ta’lim tizimida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?
12:52 / 2021-08-10

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga

So‘nggi besh yil ichida mamlakatimizda tibbiy ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish va yuqori malakali mutaxassisni shakllantirishda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida talabalarni tayyorlash, ta’lim jarayonida yangi pedagogik texnologiyalar va innovatsiyalar, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga e’tibor kuchaytirilmoqda.  

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher SHODMONOV ana shunday keng ko‘lamli islohotlar samarasi hamda tibbiy ta’limning ahamiyatli jihatlari, boshqa ta’lim turlaridan farqi hamda mavjud muammolar xususida so‘z yuritdi.

– Bo‘lajak shifokorlarni o‘qitish juda ham mas’uliyatli vazifa bo‘lib, O‘zbekiston tibbiyotining ertangi taqdiri biz tahsil berayotgan talabalarga bog‘liq, – deydi A.Shodmonov. – Shunday tibbiyot kadrlarini tayyorlashimiz kerakki, ular o‘zlarining to‘g‘ri tashxisi, muolajasi bilan har bir bemor umrini uzaytirishga, salomatligini tiklashga xizmat qilsin. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilariga aylansin. Shu maqsadda bugungi kunda talabalarga nafaqat nazariy bilim, amaliy ko‘nikmalar hamda shifokor tajribasi singdirilishiga ahamiyat qaratilmoqda.  

Kasbiy mahorat va ko‘nikmalar o‘qituvchi tomonidan o‘quvchiga bilim bilan bir qatorda "qo‘ldan qo‘lga" o‘tkazilmaydi. Bu ko‘nikmalar talabaning tajribali o‘qituvchilar tomonidan tashkil etiladigan mustaqil faoliyati natijasida shakllanadi.

Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida biz shunday sharoitni yaratishimiz kerakki, bunda talabada doimiy ravishda o‘zini o‘zi takomillashtirish va bilim olishga bo‘lgan ehtiyojlari rivojlanishi kerak. Chunki tibbiy ta’lim oliygohni tugatgandan so‘ng yakunlanmaydi, balki "butun umr" davom etadi.

Tibbiy ta’lim sifati to‘g‘risida biz juda ko‘p so‘z yuritamiz, ammo ta’lim sifati deganda nimani tushunish kerak, uni qanday o‘lchash va qanday yaxshilash mumkin? Bu savollarga javoblar shunchaki oddiy emas. Yuqori sifatli ta’lim, shu jumladan, tibbiy ta’lim – bu ta’lim dasturlarining mijozlar talablari va ta’lim standartlariga mosligi, manfaatdor tomonlarning ta’lim sifatidan yuqori darajada qoniqishi, ta’lim muassasasi o‘qituvchilari va xodimlarining o‘z ishlaridan mamnun bo‘lishlari, jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, jamiyat a’zolarining umumiy madaniyati va bilim saviyasining ortishidir.

Rivojlangan mamlakatlarda tibbiy ta’limning ustuvor yo‘nalishlarida global o‘zgarishlar yuz berdi: tizimdan jarayonga, so‘nggi o‘n yillikda esa ta’lim natijalariga o‘tildi. Bu ta’lim jarayoniga yangi o‘qitish texnologiyalari, jumladan, muammoli, elektron, aralash, simulyatsion va boshqa turlarni faol joriy etish bilan namoyon bo‘ldi.

Shuni tan olish kerakki, bugungi kunda yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Bizning o‘quv binolarimiz, o‘quv xonalarimiz va laboratoriyalarimiz vaqt talablariga javob bermaydi. Shu bilan birga, biz doimo ushbu muammolarni hal qilish yo‘llarini izlaymiz. Istalgan natijaga erishish uchun biz rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini inobatga olishimiz va barcha yaxshi tomonlarini tibbiy ta’lim tizimiga kiritishimiz kerak.

Hozirgi kunda respublikamiz tibbiyot ta’limi oldida talabalar sonining ortib borishi, ularning o‘qitish uslubiga bo‘lgan talablarining o‘zgarishi va nazariya hamda klinik amaliyot o‘rtasidagi bo‘shliqni kamaytirish zarurati singari bir qator muammolar turibdi. Bundan tashqari, bemorlarning xavfsizligi, axloqiy muammolar, sog‘liqni saqlash xodimlari mas’uliyatining ortib borishi, talab qilinadigan kasbiy malakalarning yuqori darajasi, muolaja va usullarning tezkor rivojlanishiga e’tibor kuchaymoqda. Bularning barchasi mavjud o‘quv vositalaridan foydalangan holda o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirishni talab qiladi.

bugungi kunda tibbiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislarning keskin tanqisligi sezilmoqda. Shu sababli, oliy tibbiy ta’lim sohasidagi asosiy yo‘nalishlardan biri, nazariy bilimlarning tegishli darajasini saqlab qolgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning amaliy yo‘nalishini sezilarli darajada kuchaytirish zarurati ekanligi tabiiydir.

Innovasion ta’lim texnologiyalarining o‘quv jarayoniga joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning raqobatbardoshligini oshirishga qodir yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni belgilaydi.

Hukumatimiz tomonidan tibbiy ta’lim sifatini oshirish uchun ko‘p harakatlar qilinmoqda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 7 dekabridagi "O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni, 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, 2019 yil 6 maydagi "Tibbiyot va farmasevtika ta’limi va ilm-fan tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va boshqa yana bir qancha hujjatlarning qabul qilinishida ko‘rish mumkin.  

Tibbiyot oliygohlari bitiruvchilariga integrirlashgan nazariy va klinik bilimlar, ko‘nikmalarni singdirish, yuqori tibbiy texnologiyalarni o‘zlashtirishda yordam berish va bo‘lajak shifokorda ijtimoiy moslashuv qobiliyatini shakllantirish zarur. Ushbu vazifalarni amalga oshirish orqali talabalarda kuchli motivasion munosabatlar, chuqur ixtisoslashuv, intellektual va shaxsiy imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish va yetuk tibbiyot xodimini tayyorlash mumkin bo‘ladi.

Tibbiyot oliygohi o‘qituvchisining vazifasi talabalarning mustaqil faoliyatini aniq tashkil etish va unumli boshqarishdir. Ya’ni vazifalarni belgilash, ularni hal qilish yo‘llarini korreksiya qilish, talabalarning sa’y-harakatlari natijalarini qayd etish va baholash. Agar talaba mustaqil ravishda bilim olishni o‘rganmasa, u holda undan o‘z faoliyatini to‘g‘ri tahlil qila oladigan va tanqidiy mushohada qilishga qodir yaxshi shifokor chiqmaydi.

Ammo bugungi kunda barcha urinishlarimizga qaramay, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari yuqori texnologiyali, innovasion uskunalarda ishlash uchun amaliy ko‘nikmalarga ega emaslar. Ko‘pincha ularning bilimlari faqat nazariya bilan cheklangan. Faqat bir qator yosh shifokorlar chet el klinikalarida yoki ta’lim muassasalarida o‘z malakalarini oshirishi mumkin, chunki ularning narxi ancha yuqori. Shifokorlar olingan ko‘nikmalarini doimiy ravishda amalda qo‘llashi lozim.

Tibbiy ta’limning an’anaviy shakllari shifokorning bemorlar bilan faol ish olib borishidan oldin to‘liq xavfsiz va samarali o‘qitishni ta’minlamaydi. Bundan tashqari, shifokorlarning kompetentlik darajasini nazorat qilishning amaldagi shakllari nomuvofiq yoki yetarli emas.

Amaliy darslarda talaba yodlangan matnni shunchaki qayta aytib bermasligi, balki amaliy muammolarni hal qilishni o‘rganishi kerak. Talabalarning vazifasi o‘qituvchi-murabbiy va maslahatchi yordamida mustaqil ravishda o‘qishdir. Avvalo, bu talabaning motivasiya nuqtai nazaridan o‘z maqsadi va qadriyatlarini to‘g‘ri tushunishini talab qiladi: men nimani va nima uchun o‘rganishni xohlayman. Bunda intellektual va kognitiv intilishlarni anglash ham muhim hisoblanadi – konseptual bilimlarni, faoliyatning me’yorlari va usullarini egallash muhim ahamiyatga ega: men o‘rganishim mumkin, men nimani va qanday qilib bajarishni aniq bilaman.

Biroq nafaqat o‘qitishning innovasion texnologiyalaridan foydalanish, balki ular orqali talabalar namoyon qila olishi mumkin bo‘lgan aniq natijalarga erishish kerak. Ushbu barcha to‘planib qolgan muammolarni hal qilish uchun tibbiy ta’limga simulyatsion o‘qitish tizimini oliy o‘quv yurtidan boshlab uzluksiz ta’lim bosqichigacha keng joriy etish zarur.

Amaliyot o‘taydigan va shifokorlar malakasini oshiradigan dunyodagi ko‘plab tibbiyot universitetlari va yetakchi klinikalarida simulyatsion uskunalar va texnik xarakteristikalari xaqiqiy bemorga maksimal ravishda yaqinlashtirilgan robot-patsiyentlar o‘rnatilgan. Ularda talabalar bilim darajasini baholash va barcha yo‘nalishlardagi shifokorlarni akkreditatsiya qilish tizimi joriy qilingan.

Simulyatsiya – bu real jarayonning bajarilishi yoki tizimning ma’lum vaqt davomida ishlashiga taqlid qilishdir. Simulyatsiya ko‘plab sharoitlarda, masalan, ishlashni optimallashtirish texnologiyasini simulyatsiya qilish, xavfsizlikni loyihalash, sinovdan o‘tkazish, o‘qitish, ta’lim va video o‘yinlarda qo‘llaniladi. Tibbiy mutaxassislarni nazariy va  klinik tayyorlash jarayonida shaxslararo muloqot, klinik fikr yuritish va rejalashtirish kabi ko‘nikmalardan ham foydalaniladi.

bugungi kunda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida talabalar soni keskin ko‘payganligi uchun har bir bemorga 8-10 nafardan talaba to‘g‘ri kelmoqda. Etika tamoyillari nuqtai nazaridan bu to‘g‘ri emas, chunki og‘ir bemorlarga alohida e’tibor berish va ularning kunlik rejimiga rioya qilish talab qilinadi. Hattoki so‘rab-surishtirish kabi zararsiz muolaja ham bemorni charchatib qo‘yishi mumkin. Tibbiy ta’limning ushbu muammolarini hal qilish uchun simulyatsion texnologiyalar zarur. Bu esa barcha algoritmlar va amaliy ko‘nikmalarni bemorning sog‘lig‘iga zarar yetkazmasdan bajarish, talabalar va shifokorlarga favqulodda vaziyatlarda harakat qilishni o‘rgatish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda rivojlanayotgan davolashning minimal invaziv usullarini qo‘llash, tibbiy asbob-uskunalardan samarali foydalanishni o‘rganish uchun ham simulyatsion o‘qitish muhimdir. Talaba bemorning yoniga amaliy ko‘nikmalarni bajarishni avtomatizm darajasiga yetkazgandan keyingina kelishi kerak. Bu talabaning bemor yonida o‘zini dadilroq his qilishiga imkon beradi. Simulyatsion mashg‘ulotlar davomida klinikada aniq simptomlari bo‘lgan bemor bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan barcha kasalliklar bilan tanishishga imkon yaratiladi. Eng muhimi, simulyatsion texnologiyalardan foydalangan holda o‘qitish jarayonida har bir talaba uchun alohida rejalashtirilgan amaliyot o‘tkazish imkoniyati mavjud. Simulyatsion o‘qitish jarayoni amaliy ko‘nikmalar, algoritmlar va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish uchun 2018 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshida zamonaviy robot simulyatorlar, mulyajlar, fantomlar va 3D-dasturlar (virtual bemor, patolodji 3D) bilan jihozlangan simulyatsion ta’lim markazi tashkil etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida talabalar 1-bosqichdan boshlab simulyatsion markazda ta’lim olishadi, u yerda bemorlarni parvarish qilish ko‘nikmalarini o‘zlashtirish uchun alohida xonalar mavjud. Katta kurs talabalari va magistrlarga o‘quv dasturiga muvofiq tibbiy manipulyatsiya (vena ichiga dorilarni yuborish, mushak ichiga in’eksiya qilish, oshqozonni yuvish va boshqalar), yurak-o‘pka reanimasiyasi asoslari, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, akusherlik ko‘nikmalari, bolalarga yordam berish ko‘nikmalari, urologiya, onkologiya, otorinolaringologiya, oftalmologiya, endoxirurgiya (laparoskopiya, gisteroskopiya) bo‘yicha alohida xonalar tashkil etilgan.

2020-2021 o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasida birinchi marotaba davolash va tibbiy pedagogika yo‘nalishlari 6-kurs talabalarining yakuniy davlat imtihonlari simulyatsion markazda bo‘lib o‘tdi. Bitiruv imtihonlarida inson omilining rolini pasaytirish bitiruvchilar o‘rtasida stressning kamayishiga va ob’ektiv baholashga olib keldi.

Respublikamiz uchun simulyatsion o‘qitish yangi soha ekanligini inobatga olgan holda TTA ma’muriyati Rossiyaning ROSOMED kompaniyasi (Rossiyada tibbiyotda simulyatsion ta’lim jamiyati) bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. 2021 yil 28 maydan 5 iyungacha TTAning 124 nafar xodimi I.M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti fundamental tibbiyot fakulteti Klinik modellashtirish va manual ko‘nikmalar kafedrasi tomonidan tashkil qilingan simulyatsion o‘qitish bo‘yicha onlayn kurslarda ishtirok etdi. Treningni yakunlab, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 70 dan ortiq o‘qituvchi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishdi. 2021 yil 11 iyun kuni TTAda xalqaro ekspertlar ishtirokida simulyatsion o‘qitish texnologiyalari bo‘yicha mahorat darslari  o‘tkazildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatimizdagi boshqa tibbiyot oliy o‘quv yurtlari singari simulyatsion ta’lim bo‘yicha endi birinchi qadamlarni qo‘ymoqda. Ushbu tizimni yanada takomillashtirishimiz va rivojlantirishimiz lozim. Shuningdek, O‘zbekiston tibbiyotining kelajagi bitiruvchilarimizning sifatiga bog‘liqligini  to‘la anglagan holda barcha amalga oshirayotgan va rejalashtirayotgan ishlarimiz zamirida  tibbiyot oliy ta’lim dargohlarida ta’lim sifatini oshirish maqsadi mujassam.

Mohigul Qosimova yozib oldi.

O‘zA