Deputat fikri
Mamlakatimizda olib borilayotgan barcha sohalardagi keng qamrovli islohotlar zamiridagi asosiy maqsad yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishish va buning natijasida aholining farovonligini oshirishdir. Shubhasiz, jahon hamjamiyati bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali infratuzilma hamda yirik qo‘shimcha qiymat yaratishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilishi natijasida so‘nggi besh yilda mamlakat iqtisodiyoti 24 foizga, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar miqdori 3 barobarga, eksport hajmi 1,6 barobar, aholi real daromadlarini esa 2,2 barobar oshirishga erishildi.
Bunday ijobiy natijalar, eng avvalo, yaqin qo‘shni davlatlar bilan ochiqlik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik rishtalari qayta tiklangani, bojxona va soliq ma’murchiligining soddalashtirilishi kabi islohotlar samarasidir.
Shu bilan birga, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, investitsiya muhiti yaxshilangani, xususiy mulkning huquqiy himoya qilinish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish hamda yerni bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar yuqori natijalarga zamin bo‘ldi.
Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatga asoslangan tashqi siyosat hamda tadbirkorlik uchun qulay investitsion muhit yaratilganligi bois O‘zbekiston dunyo bozorining munosib ishtirokchisiga aylanib bormoqda. 2021 yil yakuni bilan tovarlar va xizmatlar eksporti 12 milliard 130 million dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 132 foizga yoki 2,9 milliard dollarga o‘sishi ta’minlandi. Yil yakuni bo‘yicha 1 ming 950 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ularning soni 6 ming 500 taga yetdi.
Maishiy texnikalar va ularning ehtiyot qismlari, kompleks mineral o‘g‘it, glyuten, karbonat ammoniy, jelatin kabi 138 turdagi yangi mahsulotlar eksporti o‘zlashtirilib, eksport nomenklaturasi 2 ming 500 taga yetkazildi.Niderlandiya, Belgiya, Daniya, Lyuksemburg kabi Yevropa Ittifoqi davlatlariga meva-sabzavot, Shveysariya, Germaniya, Portugaliya davlatlariga tikuv-trikotaj mahsulotlari, jami 41 ta davlat bozoriga ilk marotaba eksportga chiqarilishi natijasida tovarlar eksporti geografiyasi 109 taga yetkazildi.
Eksportyor korxonlarni doimiy ravishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan korxonalarning transport xarajatlari, xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish, xorijda reklama kampaniyalarini o‘tkazish va sug‘urta polislarini olish kabi xarajatlarini qoplab berish uchun 2021 yilda jami 330,5 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi.
Aytish mumkinki, o‘zaro hamkorlik yo‘lidagi izchil va amaliy muloqotlar o‘z samarasini bermoqda. Misol uchun 2021 yilning 10 aprelidan O‘zbekiston YeIning barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (“GSP+”) doirasida benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi. Buning natijasida O‘zbekiston YeIga qator mahsulotlarni imtiyozli shartlarda yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ushbu tizim respublikamizda ishlab chiqariladigan 6 mingdan ziyod turdagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga boj to‘lamasdan olib kirish va eksport salohiyatini oshirishimizga imkon yaratadi. Birgina to‘qimachilik mahsulotlarining YeIga yillik eksportini 300 million dollarga yetkazilish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, (“GSP+”) maqomiga ega bo‘lish mamlakatimizda zamonaviy standart va texnologiyalarni tatbiq etilishi, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, har bir sohada sifat ko‘rsatkichlarining yuqori darajada bo‘lishiga zamin yaratadi.
2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan GSP tizimi a’zoligiga birinchilardan bo‘lib rasman qabul qilinishini ham tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tizim doirasida Buyuk Britaniyaga O‘zbekistondan 7800 dan ortiq tovarlar boj to‘lovisiz eksport qilinishi mumkin.
So‘zsiz Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish masalasi
O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega. Hozirda JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhining bo‘lajak 5-yig‘ilishiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. JST kotibiyati hamda YeI tomonidan ham O‘zbekistonni JSTga qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatilish ko‘lami kengaytirilmoqda. JSTga a’zo bo‘lish mamlakatimizda savdoni liberallashtirish, o‘zaro tovar ayirboshlash, investitsiyalarni ko‘paytirish va eng muhimi, dunyo bozorida o‘zining o‘rnini mustahkamlash va nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
2021-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham iqtisodiyotni yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlash, xususan, yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 mlrd dollar, shu jumladan, 70 mlrd dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 mlrd dollardan oshirish kabi ulkan maqsadlar belgilab olingan.
Belgilangan maqsadlarga erishish uchun esa yangicha yondashuv asosida tinimsiz mehnat, vatanparvarlik, davlat, jamiyat va fuqarolarning mushtarak bo‘lishi talab etiladi.
Nodir Tilavoldiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi o‘rinbosari
O‘zA