Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan muzokara o‘tkazildi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston - Koreya hamkorligining bugungi kun tartibi, erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, shuningdek, bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik holati muhokama qilindi.
Eksimbank, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF), Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi (EDPF) kabi Koreya moliya institutlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi va mablag‘i hisobidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda qator loyihalar muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
bugungi kunda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekistonda qiymati 14 milliard dollardan ziyod 100 ga yaqin investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Koreya investitsiyasi hajmi 7 milliard dollardan oshdi.
So‘nggi besh yil ichida respublikamizda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobar ko‘payib, 1 iyun holatiga 900 tani tashkil etdi.
O‘zaro savdoni faollashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillar mobaynida tovar aylanmasi ikki barobar oshdi va 1,8 milliard dollarga yetdi. Joriy yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 51 foiz oshib, 630,4 million dollarga ko‘tarildi. Tomonlar ikki mamlakat rahbariyati tomonidan belgilangan maqsadga erishish va o‘zaro savdo hajmini 2025 yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatni faollashtirishga kelishib oldi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Koreya Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari o‘rtasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan hamda istiqboldagi loyihalarni monitoring qilish, Koreyaning Taraqqiyot maqsadida rasmiy yordam dasturi (ODA) orqali hayotga joriy etilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirishga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmini joriy etish imkoniyati muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalar ijrosini jadallashtirish maqsadida faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zA