Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi besh yilda 1 ming 370 ta yangi tibbiyot muassasasi qurilib, bunga byudjetdan 7,2 trillion so‘m ajratilgan
18:13 / 2022-10-26

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yaqinda davlatimiz rahbarining tez tibbiy yordam bo‘yicha alohida qarori qabul qilingandi. Bu orqali tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishi reja qilingan.

Joriy yil 1 dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda tez tibbiy yordamning yangi tizimi ishga tushishi kerak edi. Bu ishlar yakuniga yetkazildi.

Lekin, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Xorazm va Toshkent viloyatlarida qurilish ishlari boshlanmagani tanqid qilindi.

Endokrinologiya, Kardiologiya va Xirurgiya markazlari pastga tushib, hududlar bilan ishlashi bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilingan edi.

Biroq, ushbu qarorlar bo‘yicha ishlar ahvoli barcha hududlarda ham bir xilda qoniqarli emasligi aytildi.

So‘nggi besh yilda 1 ming 370 ta yangi tibbiyot muassasasi qurilib, bunga byudjetdan 7,2 trillion so‘m ajratilgan.

Lekin hozirda bu ob’ektlarning 256 tasi tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmagan. Ushbu muassasalarga 10 mingdan ziyod tibbiy jihozlar xaridi uchun 500 milliard so‘m zarur. Umuman, hali tizimda kamchiliklar, muammoli masalalar ko‘pligi aytildi.

O‘zA