Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi 6 yilda xorijdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kiritilgan
10:23 / 2024-01-23

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, dastlab 18 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida 2024 yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan asosiy vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, keng qamrovli ishlar natijasida iqtisodiy sohada o‘ziga xos yangilanishlar yuz berayotgani, o‘sish kuzatilayotgani alohida ta’kidlandi.  

—Mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirishda investitsiyalarning o‘rni beqiyos, — dedi fraksiya rahbari Aktam Haitov. — Partiyamiz ham O‘zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini rag‘batlantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiyaviy siyosat yuritilishi tarafdori. Zero, iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish ko‘plab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishiga, eng muhimi, tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.  

So‘nggi olti yilda yurtimizga xorijdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kiritilgan, birgina o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sgan.  

Yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, bu borada partiya va uning fraksiyasi oldidagi muhim vazifalar belgilab olindi.  

Shuningdek, yig‘ilishda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

Qayd etilganidek, respublikamizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning dala chetlarida 34,5 ming gektar hamda kollektor-drenajlar atrofida 24,5 ming gektar yer maydonlari mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yerlarni foydalanishga kiritish orqali qo‘shimcha 340 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoni yuzaga keladi. Ammo bu maydonlardan foydalanishning huquqiy asosi yaratilmagani sababli ushbu yerlardan samarali foydalanilmayapti.  

Shu bois mazkur qonun loyihasi bilan ishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetidagi hamda kollektor-drenajlar va sug‘orish tarmoqlari atrofidagi maydonlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ikkilamchi ijaraga berish hamda uning muddatini 1 yildan 10 yilgacha uzaytirish mexanizmini joriy qilish taklif etilmoqda.  

Deputatlar partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA