French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi 6 yilda respublikada tovarlar tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga ortgan
12:28 / 2024-01-26

26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni

Yurtimizda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar davom etmoqda.  

Xususan, sohada tovar va transport vositalarini “yalpi” bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi bekor qilindi hamda ularni tanlov asosida bojxona nazoratidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavflarni boshqarish tizimi tashkil qilinib, vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti joriy etildi. Shu bilan birga, bojxona rasmiylashtiruvi va tovarlarni chiqarib yuborish vaqti bir necha martaga qisqartirildi.

Chegara bojxona postlarini jahondagi ilg‘or ishlab chiqaruvchilarning zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmualari bilan jihozlangani ham muhim ishlardan biri bo‘ldi.  

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq mamlakatimizda 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilangan.  

Bugun mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar mavjud kuch va vositalarni optimal qo‘llagan holda mamlakatimizda bojxona tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.  

Natijada so‘nggi 6 yilda respublikada tovarlar tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga, chegara bojxona postlari orqali harakatlangan fuqarolar 16 foizga, avtotransport va temir yo‘l vagonlari 49 foizga ortgan, deya qayd etiladi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotida.

Ayniqsa, tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar natijasida tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlari soni 1,5 barobarga oshgan. Tabiiyki, bunday yuqori o‘sish tendensiyasi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirishni talab etadi. Shu bois so‘nggi ikki yilda bojxonada asosiy e’tibor tizim infratuzilmasini takomillashtirish, sohani raqamlashtirish, ish yuritish tartibotlari va kadrlar salohiyatiga qaratilmoqda.

 

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA