Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘nggi 4 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 24,3 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi
10:51 / 2022-03-20

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish borasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishi, milliy hunarmandchilikni yanada rivojlanishi, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirilishi, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalari ro‘yobga chiqishiga e’tibor qaratilib, shu asosda aholining bandligi ta’minlanishiga zamin yaratilmoqda.

Markaziy bank bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida so‘nggi 4 yil davomida jami 24,3 trillion so‘mdan ko‘p imtiyozli kreditlar ajratilgan. Buning natijasida 983 mingdan ziyod oilalarning tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanishiga erishildi. Boshqacha qilib aytganda,  respublika bo‘yicha o‘rta hisobda har ming xonadonning 110 tasi ushbu dasturlar doirasida o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘ydi.

O‘tgan yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 352 mingta loyihaga jami 8,6 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Xususan, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 150 mingdan ortiq loyihaga 3,5 trillion so‘m va xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli moliyalashtirish maqsadida 206 mingta loyihaga 3,8 trillion so‘m kreditlar yo‘naltirildi.

Mamlakatimiz hududlarida aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama ko‘maklashish va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kredit mablag‘lari hududlarda oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga – 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Xususan, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga, bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatgaimtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy muzeyi va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga kredit ajratilishi mumkin.

Bunda kreditlar mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchisi) o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida vakolatli tijorat banklari (Agrobank, Xalq banki va Mikrokreditbank) tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, qarz oluvchilarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorlik to‘liq so‘ndirilmagunga qadar, shuningdek, avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalangan jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlariga  ushbu dasturlar orqali  yangi kredit mablag‘lari olishga ruxsat berilmaydi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 noyabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tijorat banklari tomonidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar paxta xomashyosini yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga quyidagi keltirilgan shartlarda ajratiladi.

Jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta yetishtirish uchun - paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz stavkada 24 oyga kredit ajratiladi.  Shu jumladan 18 oylik imtiyozli davr va 19-oydan boshlab so‘nggi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan, urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun - paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz stavkada 14 oyga kredit ajratilgan.

Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimini moliyalashtirish uchun - paxta xomashyosi qiymatining 20 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz stavkada 12 oyga, shu jumladan 3 oylik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kredit mablag‘lari 2022 yil 1 yanvardan boshlab Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali ajratilmoqda.

Jumladan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga, meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik "revolver" kredit ajratiladi. Bunda, ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezidentining 2021 yil 5 avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’ektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tijorat banklari tomonidan kreditlar kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun "og‘ir" mahallalarga biriktirilgan "yetakchi" tadbirkorlik sub’ektlariga 3 yil muddatgacha yillik 10 foiz stavkada bitta mahalla uchun 2 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi.

Shuningdek, "yetakchi" tadbirkorlik sub’ektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kredit summasining 75 foizi miqdorigacha kafillik beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda yuqorida qabul qilingan hujjatlar asosida ajratilgan imtiyozli kreditlar aholini ish bilan ta’minlash, yaxshi daromad topishga xizmat qiladi. 


Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri