Somalida 55 nafar yo‘lovchi bilan parvoz qilgan samolyot texnik muammo sabab aeroport yaqinidagi okean qirg‘og‘iga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda “ABCNews” nashri.
Ta’kidlanishicha, Mogadishodan Galkayo shahriga yo‘l olgan “Fokker 50” rusumli havo kemasi “StarSky” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, uchoq havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay ekipaj texnik nosozlikni aniqlagan va samolyotni orqaga — poytaxt aeroportiga qaytarishga qaror qilgan. Qo‘nish jarayonida layner uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, Hind okeani sohili tomon siljigan. Qattiq qo‘nish natijasida samolyotning qanot qismi shikastlangan.

Somali Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi rahbari Ahmad Malim Hasanning bildirishicha, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Barcha yo‘lovchi va ekipaj a’zolari qutqaruvchilar tomonidan xavfsiz hududga olib chiqilgan. Voqea yuzasidan rasmiy tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA