Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqqa oid o‘zgarish va yangiliklar
18:13 / 2016-01-12

Mamlakatimiz iqtisodiyoti jahondagi kamdan-kam davlatlar qatorida barqaror sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti jahondagi kamdan-kam davlatlar qatorida barqaror sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Bunda soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhim o‘rin tutib, bu o‘z navbatida, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga, ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga zamin yaratayotir.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarning ochilishida bu alohida qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etgan tadbirda soliq va byudjet siyosatining 2016-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlarining zamon bilan hamnafas faoliyat yuritishiga barcha zarur sharoit yaratib berilayotganini ta’kidladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilayotgani, axborot-kommunikatsiya tizimlarining hayotimizga faol joriy etilayotgani, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorida raqobatdoshligi ortib borayotgani – bularning barchasi biz erishayotgan yutuqlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.

Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining real daromadlarini oshirish maqsadida qator soliq va majburiy to‘lovlar stavkalari pasaytirildi. Qonun hujjatlariga asosan berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2015-yildagi 6 foizdan 1 foizli punktga pasaytirilib, 5 foiz qilib belgilandi. Bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (bojxona brokerlari) uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi ham 1 foizli punktga pasaytirilib, 5 foiz qilib belgilandi. Qayd etish joizki, yagona soliq to‘lovi stavkasining kamayishi hisobiga ushbu mikrofirmalar va kichik korxonalar ixtiyorida joriy yilda 58,4 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Eksport qiluvchi korxonalar uchun foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi va mol-mulk solig‘ining regressiv stavkasini qo‘llash tartibi, ya’ni eksport ulushi sotishning umumiy hajmida 15 foizdan 30 foizgacha bo‘lganda, belgilangan stavka 30 foizga, 30 foiz va undan ko‘p bo‘lganda stavka 50 foizga pasaytirilishi 2016-yilda ham saqlab qolindi.

Jismoniy shaxslar daromadlariga soliq yukini pasaytirish maqsadida 2016-yil 1-yanvardan boshlab, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasining ikkinchi shkalasi (eng kam ish haqining bir barobaridan besh barobarigacha miqdorda) 2015-yildagi 8,5 foizdan 1 foizli punktga kamaytirilib, 7,5 foiz qilib belgilandi. Natijada 235 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ishchi va xizmatchilarning ixtiyorida qolish imkoniyati yaratildi.

Tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim imtiyozlar muddati uzaytirildi. Jumladan, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar uchun foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi hamda Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etish tarzidagi imtiyozlar muddati 2018-yilning 1-yanvariga qadar amal qiladi.

To‘qimachilik sanoati korxonalari uchun mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod etish bo‘yicha berilgan imtiyozning muddati 2018-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirildi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, avtomobil transporti sohasida faoliyat yurituvchi kichik korxonalar xodimlar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirsa, kichik biznes subyektlariga berilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

2016-yildan boshlab mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) foyda solig‘ini rentabellik darajasidan kelib chiqib to‘laydi. Ya’ni, rentabellik darajasi 20 foizgacha bo‘lganda – 7,5 foiz stavkada, rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori bo‘lganda foyda summasiga – 50 foiz stavkada soliq solish belgilandi.

Faoliyatni yuritish joyidan qat’i nazar, benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz, shuningdek, alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotuvchi korxonalar uchun 2016-yildan boshlab yagona soliq to‘lovi stavkasi unifikatsiya qilinib, tovar aylanmasiga nisbatan 4 foiz miqdorida belgilandi.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab noruda qurilish materiallariga (sement, ohak, gips va boshqa mahsulotlar xomashyosi) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari birxillashtirildi. Endilikda ular uchun yagona 5 foizlik stavka belgilandi.

Yagona yer solig‘i stavkasi qishloq xo‘jaligi yerlarining qayta hisoblangan normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foiz miqdorida belgilandi. Bunda 2016-yil 1-yanvardan boshlab yagona yer solig‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymatini aniqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq aniqlangan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilishi tartibi joriy qilindi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyat turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari 2015-yil darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Mazkur soliq stavkasi yil boshiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan, ya’ni 130 240 so‘m (01.01.2016) dan kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning amaldagi stavkasi 15 foizga indeksatsiya qilindi va soliqning asosiy stavkasi mol-mulkning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 1,5 foiz miqdorida belgilandi. Alohida stavkalar shaharlarda joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 1,8 foiz, maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 2,5 foiz qilib belgilandi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni kadastr hujjatlaridagi inventarizatsiya qiymatidan kelib chiqib, biroq 3 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordan soliq hisoblash tartibi joriy qilindi.

Soliq ma’murchiligini takomillashtirish maqsadida 2015-yil 31-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Soliq va byudjet siyosatining 2016-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan Soliq kodeksining 39 moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Davlat soliq xizmati organiga kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmagan soliq to‘lovchilarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish yuzasidan sudga ariza bilan murojaat etish huquqi berildi.

Tadbir davomida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan bir guruh namunali soliq to‘lovchilar Davlat soliq qo‘mitasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Ko‘rgazma 16-yanvarga qadar davom etadi.