Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish: Ekspert kengashining imkoniyatlari qanday, afzalliklari nimada?
17:32 / 2025-11-24

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, soliq munosabatlarida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal qilishni takomillashtirish, tadbirkorlarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini qisqartirish, hamda davlat organlari bilan muloqotdagi shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda Savdo-sanoat palatasi huzurida Soliqqa oid nizolar bo‘yicha Ekspert kengashi tashkil etildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Biznes muhitini tahlil qilish va ekspert kengashlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Adilxo‘ja Nabiyev mazkur Kengash faoliyati nimalardan iboratligi haqida batafsil ma’lumot berdi:  

– Ekspert kengashi tadbirkorlik sub’ektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga kelayotgan nizolarni sudgacha hal qilish tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, 2024 yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazgan to‘rtinchi ochiq muloqotida mazkur institutni joriy etish tashabbusi ilgari surilgan edi. 2025 yilning 11 iyulidagi Prezidentning tegishli qarori bilan Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashining tarkibi belgilandi. 2025 yil 24 oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasining 672-sonli qarori bilan Kengash faoliyatini tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi. Unda Kengashning vazifalari, funksiyalari, huquqlari va ish reglamenti belgilangan.

Kengash yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ bo‘lib, iqtisodiyot, huquq, audit va biznes sohalaridagi 12 nafar malakali mutaxassisdan iborat.

Kengash tarkibiga vazirliklar va qo‘mitalar rahbarlari, biznes hamjamiyati vakillari, soliq maslahatchilari hamda audit kompaniyalari rahbarlari kiritilgan. Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi boshlig‘i Kengash kotibi hisoblanadi.

Ekspert kengashining ish jarayoni 6 bosqichda amalga oshiriladi. Ya’ni,  tadbirkor yoki soliq organi Nizomda belgilangan shakl asosida murojaat taqdim etadi. Murojaat 5 ish kunida o‘rganiladi va kun tartibiga kiritiladi yoki asos bilan rad etiladi. Kun tartibi loyihasi 7 ish kunida shakllantirilib, Kengash raisiga taqdim etiladi. Majlislar oyiga kamida ikki marta o‘tkazilib, sohaviy ekspertlar jalb qilinadi. Xulosa 3 ish kunida murojaatchi va manfaatdor tomonlarga yuboriladi. Vakolatli organ esa xulosani 3 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqadi.

Sudlar va boshqa institutlar mavjud bo‘la turib, yangi tuzilma – Ekspert kengashiga qanday ehtiyoj bor edi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bundan asosiy maqsad shuki, soliqqa oid nizolarni hal qilish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlarni kamaytirish. Ma’muriy sudlarda nizolar odatda 1-2 oy davomida ko‘rib chiqiladi va davlat boji to‘lanadi. Soliq qo‘mitasi tuzilmalarida esa nizolar 15 kundan 1 oygacha ko‘rib chiqiladi.

Ekspert kengashiga murojaat qilishning afzalliklariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, moliyaviy xarajatlar mavjud emas.

Butun jarayon 15 kungacha qisqartirilgan, xulosa vakolatli organlarda 3 kun ichida majburiy ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, muhokamalarga iqtisod, moliya, huquq va biznes sohasidagi malakali ekspertlar jalb etiladi va ular ovoz berish huquqiga ega.

Kengash soliq organlarining tadbirkorga nisbatan qabul qilgan qarorlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Amaliyotda nizolar ko‘pincha soliq auditi va sayyor tekshiruvlar natijasida hisoblangan qo‘shimcha soliqlar va jarimalar bilan bog‘liq holatlarda yuzaga kelmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, quyi bosqich organlari qarorlaridan shikoyatni yuqori turuvchi soliq organi ko‘rib chiqadi. Ekspert kengashi esa Soliq qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur tuzilma soliq munosabatlarida yuzaga kelayotgan o‘ziga xos masalalarni sohaviy mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish orqali tadbirkorlar manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Hamroz Bayanov, O‘zA