Poytaxtimizda Biznes-ombudsman devoni, Savdo-sanoat palatasi, Soliq va Bojxona qo‘mitalari rahbariyati ishtirokida tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini tezkor hal etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal etish uchun tashkil etilgan ekspert kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur kengash Prezidentimizning joriy yil 11 iyuldagi «Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. 2025 yil 24 oktyabrda qabul qilingan 672-son Hukumat qarori bilan uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom tasdiqlangan.

Kun tartibiga ko‘ra, Toshkent viloyati Angren shahridagi “Central Asia Chemicals” MCHJ faoliyatida yuzaga kelgan muammoli vaziyat atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Ekspert kengashining faoliyatini tashkil etish va uni yuritish bo‘yicha Reglamentni tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini tezkor, xolis va qonuniy tarzda hal qilishga xizmat qiladigan aniq taklif va tavsiyalar shakllantirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA