Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Davlat soliq xizmati organlari bilan hamkorlikda soliq qarzdorlariga nisbatan belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshirilmoqda.Bu to‘g‘rida MIB Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Guliston shahrida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga nisbatan Davlat soliq xizmati organlarining qarorlari asosida 20 ta ijro hujjati yuzasidan jami 2 milliard 794 million so‘m miqdoridagi soliq qarzi undirilishi belgilangan.

Qarzdor tomonidan mazkur qarz ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganligi sababli, Majburiy ijro byurosining Guliston shahar bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari boshlab yuborildi. Jarayonda qarzdorga tegishli bo‘lgan yuk avtomashinalari va agrotexnika vositalari xatlandi.

Hozirda mazkur xatlangan mulklar belgilangan tartibda baholanib, ularni auksion savdolari orqali sotish choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etish lozimki, soliq qarzlarini o‘z vaqtida undirish orqali davlat byudjetiga tushumlar ta’minlanadi. Bu esa o‘z navbatida nafaqa va nafaqa to‘lovlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarni barqaror moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Majburiy ijro byurosi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini amaldagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilishga hamda davlat soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishga chaqiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri