Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqlar mahalla byudjetida muhim omildir
16:48 / 2025-07-10

Buxoro viloyatida “Mahallabay” tizimida 500 dan ziyod mahallalarda 246 nafar soliq inspektori faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning iyun oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida viloyat soliq inspektorlarining 40 nafari 90 dan yuqori ball jamg‘argan xodimlar oy yakuni bo‘yicha mukofotlash uchun tavsiya etildi.

Peshku tumanidagi Yangiobod va Qoraqalpoq mahallasiga biriktirilgan soliq inspektori Fahriddin Fayzullayev joriy yilning oxirgi uch oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida 90 balldan yuqori ko‘rsatgichni qo‘lga kiritdi.

Uning ish samaradorligi asosan, mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda past quvvatda ishlayotgan va faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan sub’ektlarga faoliyatini tiklash va kengaytirishga yaqindan yordam berish ko‘rsatkichlari bilan baholanmoqda.

– Bunday natijaga, soliq to‘lovchilarga soliq qonunchiligini va qonuniy faoliyatning afzalliklarini hamda soliq to‘lash majburiyat emas, Konstitutsiyaviy burch ekanligini tushuntirish orqali erishyapman desam to‘g‘ri bo‘ladi, – deydi Fahriddin Fayzullayev. – Mahalladagi asosiy vazifamiz ko‘proq tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan birma-bir uchrashib, suhbat va muloqotlar o‘tkazish orqali ularga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, yangiliklarni yetkazish. Shuningdek, qonuniy ishlashning afzalliklari, xususan, o‘z vaqtida hisobot topshirish, iste’molchilarga xarid cheki berish majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar beriladi.

“Mahallabay” axborot tizimi orqali inspektorlarning ish samaradorligini nazorat qilish, ularning mahallardagi vazifalarini sifatli bajarishini ta’minlash maqsad qilingan. Bunday baholash tizimi o‘z navbatida xodimlarni munosib rag‘batlantirish va shu orqali ularning ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 

E’tiborlisi, bu kabi chora-tadbirlar mahalla soliq inspektorlarining tadbirkorlarga namunali soliq xizmatlarini ko‘rsatish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish va mahalla byudjetining daromadini oshirishda ham muhim omil bo‘lmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.