Soliq tizimida yangi institut “Mahalla yettiligi” tashkil qilingan. Bu orqali joriy yilning 1 yanvaridan boshlab, mahalla byudjetini shakllantirish hamda shakllangan mablag‘larni “mahalla yettiligi”ning kengash qarori orqali infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirish belgilangan.
Ayni paytda Xorazm viloyatidagi 531 ta mahallaga 241 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular zimmasiga norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini-o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko‘paytirish yuklatilgan.

“Mahalla yettiligi” institutining shakllanishi orqali soliq inspektorlari mahalladagi har bir soliq to‘lovchi xonadoniga kirib bormoqda. Tadbirkorlar bilan bilan uchrashib, uning muammosini o‘rganmoqda. Soliq sohasidagi o‘zgarishlarni tushuntirish orqali esa yashirin iqtisodiyotning oldi olinmoqda.
Xorazm viloyati soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida o‘tgan to‘qqiz oy davomida 2 ming 939 ta korxonadagi 15 ming 440 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlandi.

Agar sohalar kesimida olib qaralganda, 534 ta savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 1611, 179 ta ishlab chiqarish korxonalarida 1329, 39 ta qurilish korxonalarida 734 hamda 827 ta qishloq xo‘jaligi sohasida 4471, shuningdek, 1360 ta xizmat ko‘rsatish korxonalarida 7295 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirilgan.

– Ayniqsa, turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Xorazm viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov. – Jumladan, ana shunday 4103 ta korxonaning faoliyati tiklandi va 4736 ta qo‘shimcha ob’ektlar aniqlandi. Buning natijasida 7,2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq undirildi. Qolaversa, xatlov natijalariga ko‘ra, 7968 ta noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar aniqlandi va yangidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shu bilan birga 18 638 ta dehqon xo‘jaliklari ham ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Bugungi kunda Xorazmda ham qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolar talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Jumladan, mahalla yettiligi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni jilovlash maqsadida viloyatda 105 ming 357 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi va muayyan faoliyat turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda.

– Mahallabay tizimning yaratilishi natijasida 21 milliard 900 million so‘m miqdorida qo‘shimcha manba aniqlandi, – deydi boshqarmaning “Jamoatchilik bilan aloqalar” sho‘’basi boshlig‘i Romon Atajonov. – Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida 154 milliard 800 million so‘m miqdoridagi jismoniy shaxslarning turar joy ob’ektlari bo‘yicha soliqlar undirilishi ta’minlandi. Natijada yig‘ilgan summaning 10 foizi ya’ni 15 milliard 500 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar mahalla byudjetiga qoldirildi. Mahallalarga biriktirilgan soliq xodimlarining faoliyati samaradorligi maxsus KPI dasturi orqali baholanadi va natijasiga qarab rag‘batlantiriladi hamda past ko‘rsatkichli xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi.
Darhaqiqat, Xorazm vohasida soliq xizmati organlari xodimlari tadbirkorlarning muammolarini qonuniy hal etish, faoliyatlari davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida soliq tushumlarining oshishiga va davlat byudjetining barqaror ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari.