Soliqdan qarzdorlarning 48 milliard so‘mlik mol-mulki xatlovga olindi
Turli vajlar bilan to‘lanmay kelinayotgan soliq qarzdorliklarini undirish maqsadida Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda barcha shahar va tumanlarda xatlov tadbirlari olib borilmoqda.
Joriy yil iyun oyi boshidan hozirga qadar o‘tkazilgan tadbirlar natijasida soliqdan qarzdorligi mavjud bo‘lgan 12 ta tadbirkorlik sub’ekti 1,2 milliard so‘m miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirdi.
Xususan, Farg‘ona tumanida ro‘yxatdan o‘tgan "Qo‘rg‘on sifat" mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari bilan mavjud soliq qarzdorligi yuzasidan o‘tkazilgan suhbat natijasida 310 million so‘m miqdoridagi soliqlar davlat byudjetiga to‘lab berildi.
Farg‘ona shahridagi "Sayyor-2017" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan esa 201 million so‘m soliq qarzdorligi undirildi. Bundan tashqari, qarzdorligi katta bo‘lgan 36 ta sub’ektning qariyb 48 milliard so‘m qiymatdagi mol-mulklari xatlovga olindi.
M. Sulaymonov, O‘zA