English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqdagi yangiliklar tadbirkorlarga yaqindan tushuntirildi
12:28 / 2026-01-16

O‘zbekiston Respublikasining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonuni bilan soliq qonunchiligiga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu yangiliklarni joylarda keng tushuntirish maqsadida Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida 2026 yildagi soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda Soliq qo‘mitasi vakillari, viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati, tadbirkorlar hamda hisobchilar ishtirok etdi. Seminar avvalida 2025 yilda namunaviy faoliyat yuritib, soliq va majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lagan bir qator tadbirkorlik sub’ektlari “Eng ko‘p soliq to‘lagan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng intizomli soliq to‘lovchi”, “Eng yosh tadbirkor” kabi nominatsiyalar bilan taqdirlandi.

– Bugun soliq idoralari tadbirkorning yaqin ko‘makchisiga aylangan. Kerakli maslahatlarni doim olib kelyapmiz, – deydi yosh tadbirkor Ruslan Ismoilov.

Seminarda soliq qonunchiligidagi muhim yangiliklar mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirildi. Xususan, Prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslarda yagona QR-kodli to‘lov tizimi joriy etiladi. Shuningdek, davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda ayrim tovarlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron tizimlar orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Yana bir muhim yangilik – soliq hisobotlarining avtomat shakllantirilishi. Joriy yildan boshlab mol-mulk, yer, QQS, aylanmadan olinadigan daromad va ijtimoiy soliq bo‘yicha hisobotlar soliq organlari tomonidan avtomatik tayyorlanadi. Soliq to‘lovchiga ularni 5 kun ichida tuzatish huquqi beriladi.

Shu bilan birga, hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy jarimalar miqdori kamaytirildi. Bu, ayniqsa, kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun yengillik yaratadi.

Soliq qonunchiligidagi ushbu o‘zgarishlar yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri