O‘tgan 9 oyda “Keshbek” ilovaning interfeysi optimallashib foydalanuvchilar uchun qulayroq va soddaroq ko‘rinishga keltirildi. Yil boshidan buyon 1 453 872 nafar fuqaroga 514 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘landi. Joriy yilning 1 yanvaridan 24 oktyabriga qadar onlayn-NKT orqali 560 683 595 ta chek rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga (301 673 214 ta) nisbatan 186 foiz ko‘p. Shundan 161 906 424 ta chek “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 514 mlrd so‘m miqdorida keshbek to‘langan.
Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasining matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etish kerakki, Prezidentimizning 2021 yilning 4 oktyabrida qabul qilingan “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini takomillashtirish, zamonaviy axborot yechimlarini joriy etish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 12 mayida imzolangan “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida xarid summasidan 1 foiz qaytarish va nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish tartibi buzilganligi to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tizimini joriy etishning aniq qoidalari bo‘yicha nizom tasdiqlangan edi.
Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 1 yanvarida “Soliq” mobil ilovasida yangilanib, jismoniy shaxslar uchun “Keshbek” va “Soliq hamkor” bo‘limlari yaratildi. “Keshbek” – bunda iste’molchilar QR-kodli xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, oy oxirida xaridlar miqdorining 1 foiziga ega bo‘ladi. Ushbu summa chek ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan so‘ng to‘lab beriladi. “Soliq hamkor” esa nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish tartibi buzilganligi to‘g‘risida xabar berish uchun ishlab chiqildi.
Ko‘pchilikda keshbekda hamma cheklar qaytariladimi yoki qaytmaydigan holatlar ham bormi degan savol qiziqtirishi tabiiy. Albatta, keshbek chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirganda olingan cheklar uchun taqdim etiladi. Shu bilan birga, istisno holatlar ham mavjud. Xususan, avtomobillar, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olish, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, yoki sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa, qolaversa, DSQ tomonidan yuritiladigan shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun keshbek hisoblanmaydi.
Matbuot anjumanida soliqlarni «Soliq» mobil ilovasi yangiliklari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlash joizki, foydalanuvchilar uchun mobil ilova Android / iOC / Harmony OS kabi operatsion tizim mavjud bo‘lib, yil boshidan buyon foydalanuvchilar soni bir milliondan oshdi. Ushbu ilovalar orqali jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashlari mumkin.
FACE ID – chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxsning qo‘shimcha identifikatoridir. Soliq organlari chekni ro‘yxatdan o‘tkazayotgan shaxsni aniqlash maqsadida, u tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qaytarib olish uchun maxsus mobil ilova orqali onlayn nazorat-kassa texnikasi chekini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) ko‘rsatishni talab qilishi mumkin. Shuningdek, ilovaga o‘zini-o‘zi band qilish, talabalar uchun ijara shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va avtotransport vositalarini ijaraga berish funksiyalari qo‘shildi.
Jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida quyidagi soliq turlari bo‘yicha qarzdorlik haqida ma’lumot olish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati ishlab chiqildi: jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlari (423-, 440-moddalar), jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i (393-modda), jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim etish asosida JSHSHODS (397-modda), YATT va
o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq (408-modda), YATT qat’iy belgilangan daromad solig‘i (383-modda), penya (110-modda). Buning uchun to‘lovni amalga oshirishdan oldin ko‘chmas mulk (yer uchastkasi) egasining JSHSHIRi ko‘rsatish, o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun esa FACE ID orqali avtorizatsiyadan o‘tish kifoya.
Yana bir yangilik. Iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish, shuningdek, ushbu sohada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan fuqarolarga undirilgan jarima summasining 20%ini mukofot tariqasida berish amaliyoti joriy etildi.
Fuqarolar soliqqa oid turli huquqbuzarliklar haqida xabar berish orqali bozorda tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va intizomli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hissa qo‘shadi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida “Soliq hamkor” xizmati orqali 20 051 nafar fuqarodan savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarining buzilishi yuzasidan 118 852 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 56 066 tasi takroriy bo‘lganligi sababli rad etildi, 58 448 ta murojaat bo‘yicha tekshiruvlar yakunlandi. 57 228 ta holatda qonunbuzarliklar to‘liq tasdiqlangan. 44 871 nafar fuqaroga 29 mlrd so‘mdan ortiq mukofot to‘lab berilgan.
Matbuot anjumani davomida yurtimizning barcha hududlarida “Soliq-servis” DUKning hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan, ular soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik yordam ko‘rsatayotgani alohida qayd etildi.
“Soliq-servis” DUK ning joylarda 205 ta hududiy bo‘linma, shuningdek, soliq to‘lovchilarning savollariga tezkor javob beradigan 30 nafar xodimni o‘z ichiga olgan 24 soat (kunu-tun) ishlaydigan CALL-markazini o‘z ichiga oladi. Yil boshidan sentyabr oyiga qadar soliq to‘lovchilardan 556 231 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 9,2 foizi soliq qonunchiligi, 76,4 foizi interaktiv xizmatlar, 14,4 foizi soliq hisobotlaridir.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob berdi.
O‘zA