Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanlarining aholi gavjum joylarida ya’ni, ochiq savdo majmualarida yoshlar, tadbirkorlar va jismoniy shaxslarni jalb qilgan holda “Xarid chekini olishga o‘rganaylik” hamda “Konvert” usulida ish haqiga rozi bo‘lmang” shiori ostida Buxoro soliq boshqarmasi tashabbusi bilan fuqarolarning soliq madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qiziqarli aksiyalari o‘tkazildi.
Tadbirda ayrimlar uchun arzimasdek ko‘ringan xarid chekining ahamiyati, savdodan tushgan tushumlarni yashirish, soliqdan qochish va norasmiy bandlikning oqibatlari hamda xarid uchun joriy qilingan keshbeklar, soliq imtiyozlari, soliq yengilliklari, soliq turlari va ularning muddatlari xususidagi savollar o‘rtaga tashlandi.


Savollarga to‘g‘ri javob bergan fuqarolarga esa soliq boshqarmasining maxsus sovg‘alari taqdim etildi.
Ta’kidlash lozim, xarid chekini talab qilish soliq tushumlari, binobarin, iqtisodiyotni mustahkamlashga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga yo‘l ochadi. Mazkur aksiya jarayonida ishtirokchilarga mavzuga oid tarqatma materiallari yordamida xarid chekining ahamiyati hamda norasmiy bandlikning salbiy holatlari haqida yanada kengroq ma’lumotlar berildi.


Aksiya jarayonida soliq bilimdonlari xarid chekini talab qilish orqali ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tushumlarni yashirish, soliq bazasini kamaytirib ko‘rsatish kabi huquqbuzarliklarni oldini olishda munosib hissa qo‘shayotganliklari alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.