Jizzax viloyat soliq boshqarmasi tomonidan kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarga amaliy yechimlar topishga qaratilgan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda Jizzax viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Sardor Usmonov, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobur Ismoilov hamda Savdo- sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umurzoqov so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha sohalarda o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, so‘nggi yillarda tadbirkorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani va biznes muhiti Jizzax viloyatida ham sezilarli darajada yaxshilanib borayotganini ta’kidlab o‘tishdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, joylarda iqtisodiy faollikni oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani ham bor gap. Jizzax viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida tadbirkorlar soni ortib, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
– Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 64 ming 575 nafarga yetdi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soni esa qariyb 3 ming nafarga ko‘paydi. Bu raqamlar hududda tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqish va davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlarning samarasi bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edim, – dedi Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobur Ismoilov.

Shuningdek, 2025 yilning birinchi choragida soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 95 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich – tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol isbotidir.
Ayni paytda viloyat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqotlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda tadbirkorlarning faoliyatidagi muammolar atroflicha muhokama qilinib, joyida yechim topishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, shu kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ham Jizzax shahri, Sharof Rashidov hamda Paxtakor tumanlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning 10 dan ortiq muammolari shu joyning o‘zida hal bo‘lganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Mazkur uchrashuvlar nafaqat Jizzax shahrida, balki Arnasoy, Baxmal, Do‘stlik va G‘allaorol tumanlarida ham uyushtirildi.
Muammolarni mahalliy darajada hal qilishga qaratilayotgan bunday yondashuvlar viloyatdagi tadbirkorlik muhitining yanada barqaror va samarali rivojlanishiga xizmat qilayotir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA