Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi: Jizzaxda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
13:21 / 2021-08-10

Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda joriy yilning o‘tgan davrida “Elektron hisobot qulay, tezkor va ishonchli” mavzusida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlar, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish, ularni taqdim etish mexanizmini takomillashtirish hisobiga respublikada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, biznes sub’ektlarini tashkil qilishni soddalashtirish va shunday sub’ektlarning yanada erkin faoliyat yuritishini ta’minlash borasida izchil, aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 81- va 82-moddalarida soliq hisobotini tuzish, soliq hisobotini taqdim etish tartibi belgilab berilgan. Ushbu kodeksga asosan, soliq to‘lovchining har bir soliq turi yoki to‘langan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblar va soliq deklaratsiyalarini, shuningdek, hisob-kitoblarga va soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni o‘z ichiga oladigan, soliq to‘lovchilarning, soliq agentlarining soliq majburiyatlarini aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlar soliq hisobotidir.  

Davlat soliq xizmati organlari bilan elektron tarzda bog‘lanishning yana bir afzalligi shundaki, hisobotni elektron ko‘rinishda jo‘natish kichik kameral nazorati vazifasini ham o‘taydi. Ya’ni to‘ldirilishi shart bo‘lgan rekvizitlar yozilmagan holdagi hisobot jo‘natilmaydi, buxgalter tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilgan taqdirda esa, u avtomatik tarzda uning o‘ziga qaytadi.  

Elektron soliq xizmatlari portalida (my.soliq.uz) 50 dan ziyod elektron xizmat joriy qilinib, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali 9 xil hisobot elektron shaklda yuborilmoqda va soliqlar elektron to‘lanmoqda.

Hisobotlar elektron shaklda qabul qilinganda, soliq organi va soliq to‘lovchilar o‘rtasida bevosita salbiy holatlar keskin kamayadi, korxona tomonidan soliq idoralariga bormasdan hisobotlarni elektron tarzda topshirishda xodimlarining sarflanadigan vaqti tejaladi.

Jizzax viloyatida joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, soliq hisobotlarini topshirish majburiyatiga ega sub’ektlar soni 20 ming 841 tani tashkil etib, soliq organlarida alohida “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash” sho‘’balari tashkil qilingan. Bunga asosan, Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 11 yanvardagi 10-sonli buyrug‘iga asosan “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha “Harakatlar rejasi” ishlab chiqilgan.  

– “Harakatlar rejasi”ga asosan yangi tashkil topgan tadbirkorlik sub’ektlarining hisobchisi bo‘lmagan taqdirda, 6 oygacha dastlabki buxgalteriya ishini yuritishda, soliq hisob-kitoblarini topshirishda, soliq rejimini tanlashda zarur maslahat va ko‘mak berib borilmoqda, – deydi Jizzax viloyat DSB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Erkin Normanov. – O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-moddasiga asosan, byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun zarur bo‘lgan soliq hisobotlari, hisob-kitoblarini hamda boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etmaslik, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

So‘ng, viloyat davlat soliq boshqarmasi qoshida tashkil etilgan 4-sektor shtabiga press-tur tashkil etildi.  

Press-tur ishtirokchilari sektor hududida amalga oshirilgan va oshirilayotgan obodonlashtirish, qurilish va bunyodkorlik ishlari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan moddiy va ijtimoiy ko‘mak, ularning bandligini ta’minlashda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va boshqa shu kabi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.

[gallery-3314]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA