French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida soliq to‘lovchilar bilan ochiq muloqot
10:12 / 2022-03-31

So‘ngi yillarda soliq ma’murchiligida tub o‘zgarishlar, yangiliklar yuz berdi.

Jumladan, sohani takomillashtirish, Yangi O‘zbekiston islohotlariga hamohang soliq ma’murchiligini shakllantirish maqsadida yangi tahriridagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etildi.  

Bundan tashqari, tadbirkorlarga imtiyozlar berish borasida aniq mezon va mexanizmlar ishlab chiqish, berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning samaradorligini baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 avgustdagi mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqotida halol tadbirkor, intizomli soliq to‘lovchilar safini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib, bu — “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashning eng maqbul yo‘lidir, deya ta’kidlagan edi.  

Ma’lumki, 2019 yil dekabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobidan 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldi. Mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi. 

Buning natijasida tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari 4 baravar ko‘paydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.  

Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq tizimida asosiy yangilik va o‘zgarishlarni soliq to‘lovchilarga tushuntirish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Soliq to‘lovchilarning soliqqa oid bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, yangi tartiblar, soliq qonunuchiligidagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish soliq to‘lovchilar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli tushunmovchiliklarning oldini oladi. 

Soliq ma’murchiligining raqamlashtirilishi tadbirkorlik sub’ektlari rivojlanishida, qolaversa, intizomli soliq to‘lovchilarning soni ortishida muhim o‘rin tutadi. 

Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari faoliyatining avtomatlashtirilishi, ish jarayonida inson omilining kamayishiga, sohada korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilning birinchi choragi holatiga O‘zbekistonda yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar soni 947 tani tashkil qiladi. Mazkur toifaga mansub soliq to‘lovchilarga 2019 yili Davlat soliq qo‘mitasi tasarrufida tashkil etilgan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi xizmat ko‘rsatadi. 

Mamlakatimizda jami yillik soliq tushumlarining 65 foizidan ortig‘i yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Joriy yilning 16 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida Prezident Davlat soliq qo‘mitasida sohani takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda sohani raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Shuningdek, soliqchilar ko‘makchi bo‘lishi zarurligini, tadbirkorlar bilan uchrashib amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi tartiblar, soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida targ‘ibot-tushuntirish ishlari miqyosini yanada kengaytirish borasida ham vazifalarni belgilab berdi. 

Davlat soliq xizmati organlari o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarining uzviy davomi sifatida Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan “O‘zavtosanoat” AJda ochiq muloqot tashkil etildi. 

Unda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi rahbariyati hamda “O‘zavtosanoat” AJ va uning tarkibiy tuzilmalarida faoliyat olib borayotgan xodimlar ishtirok etdi. 

“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida soliq to‘lovchilar bilan ochiq muloqotlar, uchrashuvlar hamda amaliy seminarlarning o‘tkazilishi soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi, o‘rgatuvchi organ sifatida yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilayotganining amaliy ko‘rinishidir.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA