Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliqchi jazolovchi emas, ko‘makchi va o‘rgatuvchi
15:00 / 2022-03-29

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sirojiddin Eshmatov va soha mutaxassislari Surxondaryo viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashib, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot bermoqda.

Soliq to‘lovchilarning muammolarini o‘rganib, takliflarini tinglamoqda.  
Prezidentimiz joriy yil 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi chog‘ida sohani takomillashtirib, soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan qator vazifalarni berdi.  

Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati joylarda bo‘lib, bevosita soliq to‘lovchilar bilan uchrashmoqda. Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar Sherobod, Boysun va Qiziriq tumanlari soliq to‘lovchilari ishtirokida boshlandi. Yuzma-yuz ochiq muloqot chog‘ida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sirojiddin Eshmatov va soha mutaxassislari tadbir ishtirokchilariga soliq qonunchiligiga oid yangiliklar, sohani raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. 

Uchrashuvda tadbirkorlar faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar haqida fikr almashib, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i, onlayn nazorat-kassa texnikalari, mol-mulk va yer soliqlari bilan bog‘liq savollarga oydinlik kiritdi. Mutaxassislarning fikricha, soliq sohasida axborot texnologiyalarini keng joriy etish va sohani raqamlashtirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilib, barcha tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratadi. Shaffof va tezkor munosabatlar esa insofli soliq to‘lovchilar sonining ortishi va soliq tushumlari barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

– Soha mutaxassislari joriy yilgi soliq solish tartibidagi o‘zgarishlar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanish tartibi, ayrim sohalarni rivojlantirish maqsadida berilayotgan soliq imtiyozlari xususida seminar va uchrashuvlar o‘tkazib, bu haqda yetarli ma’lumot bergan edi, – deydi Sherobod tumanilik tadbirkor Behruz Qurbonov. – bugungi muloqotimizda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va soha mutaxassislari yuz bergan o‘zgarishlar qatorida soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritish to‘g‘risida tushuntirishlar bergani ayni muddao bo‘ldi.  Ahamiyatlisi soliq xodimlari nafaqat uchrashuvlar davomida, balki korxonamizga ham kelib, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida yangi dasturlardan foydalanish va hisobotlarni topshirish tartiblarini amalda ko‘rsatmoqda. Bu soliq sohasiga oid bilimlarimizni mustahkamlab, xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilash hamda barcha ishlarni to‘g‘ri yuritishga ko‘maklashmoqda.  

Shu kuni viloyat markazida Termiz shahri, Angor, Termiz va Muzrabot tumanlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham xuddi shunday uchrashuv tashkil etildi.  

– Ayni paytda vohada 40 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Alisher Anvarov. – Biz ularga barcha masalalarda ko‘maklashish, muammolarini o‘rganib, yechimini topishda amaliy yordam berishga harakat qilyapmiz. Jumladan, yil boshidan buyon “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida viloyatdagi 3 ming 125 ta korxonaning 3 ming 850 ta muammosi o‘rganilib, ularning 3 ming 200 dan ortig‘i bevosita soliq xodimlari yordamida hal etildi. Bundan keyin ham soliq to‘lovchilar bilan ochiq muloqotlarni yanada ko‘paytirib, sohaga oid o‘zgarishlardan ularni o‘z vaqtida xabardor qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklarini ta’minlash maqsadida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida olib borayotgan ishlarimiz qamrovini yanada kengaytiramiz. Lo‘nda qilib aytganda endilikda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar “Soliqchi jazolovchi emas, ko‘makchi va o‘rgatuvchi” shiori ostida yanada izchillik bilan davom ettiriladi. Soliq to‘lovchilar bilan Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Eshmatov ishtirokidagi uchrashuvlar vohaning Qumqo‘rg‘on va Denov tumanlarida ham o‘tkaziladi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA