Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni yanada kuchaytirish, soliq organlari faoliyati shaffofligini oshirish va zamonaviy ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

Memorandum doirasida faqat huquqbuzarliklar oqibatlarini bartaraf etish emas, balki korrupsiyaviy xavf omillarini barvaqt aniqlash, profilaktik choralarni kuchaytirish va samarali, professional korrupsiyaga qarshi kurashish modelini shakllantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni keng qo‘llash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Soliq qo‘mitasi raisi F.Po‘latov taklifi bilan davlat soliq xizmati har bir xodimining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Tadbir doirasida mazkur raqamli platforma taqdimoti o‘tkazildi.
Ayni paytda Navoiy va Chirchiq shaharlarida daromadlarni deklaratsiya qilish mexanizmini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Natijalariga ko‘ra, ushbu tizim bosqichma-bosqich butun respublika bo‘ylab joriy etiladi.
Tadbir ishtirokchilari barqaror korrupsiyaga qarshi muhitni shakllantirish, halollik tamoyillarini mustahkamlash va xizmat odobi qoidalarini kuchaytirish yuzasidan aniq takliflar bildirdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA