Yangi qaror
Yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga turli imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, 2023 yilning 18 avgust kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yurtimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar yechimiga alohida e’tibor qaratgan va ular tomonidan bildirilgan takliflar asosida 5 ta asosiy yo‘nalishni belgilab bergan edi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 4 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa muloqotda belgilangan vazifalarning huquqiy asosi bo‘ldi.
Qaror bilan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida Biznesni rivojlantirish banki tashkil etildi. Endilikda mazkur bank tomonidan oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kichik biznes loyihalari uchun 7 yilgacha muddatlarda kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, hududlarda 14 ta kichik biznesga ko‘maklashish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qarorga asosan, ijobiy kredit va soliq tarixiga ega tadbirkorlarga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi. Sanoat sohalarida “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi. Mazkur dasturga kiritilgan tarbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablag‘lari ajratiladi.
Qaror bilan soliq sohasida ham tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti taqiqlandi. QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilindi. Foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovchi tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshirildi.
tax gap tizimining bekor qilinishi, avvalo, tadbirkor o‘zi to‘lagan qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini qaytarib olishi va ishlab chiqarish yoki faoliyati bardavomligi bilan bog‘liq jarayonlarning barqarorligini ta’minlashga imkoniyat yaratildi.
– Biznesda bir daqiqa ham g‘animat. Ayniqsa, tax gap tizimining bekor qilinishi va qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini hech qanday to‘siqlarsiz qaytarish, ya’ni, oddiy so‘z bilan aytganda, davlatning o‘zi tadbirkorga foizsiz kredit berib turishi bu biz uchun muhim qulaylik bo‘ldi, – deydi Navoiy shahridagi “Financier” MCHJ rahbari Ozodjon Hamroqulov. – Albatta, iqtisodiyotda har bir jarayon bir-biriga bog‘liq. Prezidentimiz ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratib, tadbirkorlik rivoji uchun katta imkoniyatlarni yaratayotgani yanada quvonarlidir. Mazkur hujjat bilan, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati avvalgi 5 yildan 3 yilga tushirildi. Endilikda, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyat yuritayotgan hududga kirish, hudud va binolarini ko‘zdan kechirish, hujjatlarini talab qilib olish va uni chaqirtirish, hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish kabi holatlar taqiqlanadi. Yana bir muhim jihat, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi joriy qilinadi. Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.
Eng muhimi, endilikda soliq xizmati organlari ko‘rsatgan xizmatlari sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA