Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan “Viloyat soliq xizmati organlari tomonidan joriy yilning 2-choragida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda dastlab boshqarma boshlig‘i D.Yuldashev yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, ayni paytda barcha joylarda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham soliq xizmati inspektorlari “Mahalla yettiligi” tarkibidan joy olib “mahallabay” ishlash tizimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. “Mahalla yettiligi”ga kiritilgan soliq xizmati organi xodimlarining asosiy vazifasi - o‘ziga biriktirilgan hududdagi ishchi-xodimlarni legallashtirish, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar faoliyatini qonuniylashtirishga ko‘maklashishi va shu orqali soliq bazasini kengaytirishdan iborat.
Joriy yilning aprel-may oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra viloyatdagi mahalla soliq inspektorlarining samaradorlik ko‘rsatkichi ketma-ket (KPI) 94,7 ballni tashkil etdi. E’tiborlisi, viloyatda keyingi oylarda samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahalla soliq inspektorlari soni ortib bormoqda. Birgina may oyining yakuni samaradorlik ko‘rsatkichlarida qariyb 200 nafar xodim 90 va undan yuqori ball oldi.

Soliq organlarining mahalla darajasiga tushirilgani qisqa fursatda o‘zini oqladi. Ayniqsa, yangi tizim soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlab, ularni rasmiy daromad topishga o‘tkazishda yaxshi samara bermoqda.
Yashirin ish o‘rinlari legallashtirilgani hisobiga viloyatda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 27 069 nafarga ko‘paydi. Buning hisobiga esa byudjetga jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha 1,4 milliard so‘m tushirish imkoniyati yaratildi.
O‘z uyida norasmiy daromad topayotgan fuqarolar bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 46 147 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilganlik bo‘yicha faoliyatini rasmiylashtirib qo‘ydi.

Bu bilan ularning kelajakdagi pensiya ta’minoti uchun zarur bo‘lgan mehnat stajlari kafolatlandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda viloyatimizda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar 197 791 nafarni tashkil etadi.
Hududlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan jami 2 202 ta vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik sub’ekti faoliyati tiklandi. Shuningdek, hujjatsiz tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelayotgan 3 590 nafar fuqaroning davlat ro‘yxatidan o‘tib, qonuniy tadbirkorlik faoliyat ko‘rsatishi ta’minlandi.
Viloyatda mahalla soliq inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar natijasida hududlarda tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilib, byudjet tushumlari barqarorligiga erishilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan aniq vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda Buxoro viloyatidagi 544 ta mahallaga biriktirilgan 262 nafar soliq inspektori soliq bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni mahallani o‘zida hal etib, tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish kabi ishlar bilan samarali shug‘ullanmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga soha xodimlari tomonidan aniq javob berildi. Anjumanda bir guruh matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga boshqarmaning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.