Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori
18:53 / 2023-11-16

Buxoro viloyati Davlat soliq boshqarmasi va uning hududiy soliq inspeksiyalari tomonidan bozorlar va savdo majmualarida tadbirkorlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Buxoro shahar soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda hududdagi “Markaziy dehqon bozori” va “Buxoro savdo majmuasi”da ham ana shunday yuzma-yuz muloqotlar uyushtirildi.

Uchrashuvlarda soliq xizmati xodimlari mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ularning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan soliq ma’muriyatchiligidagi yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazish bilan birga yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillardan biri – bu xarid chekini bermaslik holatlari va uning oqibatlari tushuntirildi.

Yuzma-yuz muloqotlarda tadbirkorlik sub’ektlari vakillariga xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish, iqtisodiyotda mablag‘larning g‘ayriqonuniy aylanishi oldini olish maqsadida soliq organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda avtomatlashtirilgan tahlil dasturlari keng joriy etilgani, har qanday soliqdan qochishga urinishlar nazorat qilib borilayotgani ta’kidlandi.

[gallery-14610]

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasida amalga oshirilgan har bir xarid yoki ko‘rsatilgan xizmat uchun onlayn-NKTlaridan xarid chekini to‘liq miqdorda shakllantirish hamda belgilangan tartibda xaridorga taqdim etish mas’uliyati tadbirkorlik sub’ektlari zimmasiga yuklatilgani yana bir bor eslatib o‘tildi.
Shuningdek, to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga onlayn-NKT cheki berilishi shart.

Bundan tashqari, uchrashuvlarda ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida soliqdan qochish maqsadida to‘lovlarni to‘lov terminali bilan emas, balki Click va Payme to‘lov tizimlari orqali boshqa bir fuqaroning bank karta raqamiga o‘tkazish holatlari ham uchrab turgani aytib o‘tildi. Bunday holatlarning oqibatlari to‘g‘risida barcha tadbirkorlarga eslatma xati tarqatildi.

Amaldagi normativ huquqiy hujjatlar bilan tadbirkorlik faoliyati uchun belgilab berilgan tartiblarga rioya qilmaslik huquqiy oqibatlarga olib keladi va qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar solishga sabab bo‘ladi.

Bunday uchrashuvlar savdo va xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish tarmoqlari tadbirkorlariga o‘z faoliyatlaridagi kamchiliklarni tuzatishlari uchun berilgan yana bir imkoniyatdir. Negaki, savdo va xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalarini bajarmaslik amaldagi normativ huquqiy hujjatlarga muvofiq soliq tekshiruvi o‘tkazilishi hamda belgilangan tartibda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari