Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati organlari tizimi xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining “Davlat soliq qo‘mitasi raisi kubogi” turnirining navbatdagi saralash bosqichi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yosh kadrlarga e’tibor qaratish, ularning intellektual salohiyatini va kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tashkillangan ushbu bilimlar bahsida Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi, tuman soliq inspeksiyalari, hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining viloyatdagi vakillaridan iborat jami 28 ta jamoa ishtirok etdi.

Bahs-munozaralarga boy o‘tgan turnirda, Yangi O‘zbekiston yoshlari o‘z kuch va imkoniyatlarini ulkan marralarga erishish yo‘lida safarbar etib, Vatan taraqqiyotini yuksaltirish, Uchinchi renesasns poydevorini qurish borasida shijoatini namoyon bo‘ldi. O‘zining intelektual salohiyati, iqtidor va izlanuvchanligi, tashabbuskorligi hamda yetakchilik qobiliyatlari bilan alohida ajralib turgan xodimlardan saralangan har bir guruh birinchilik uchun murosasiz bellashdi. Savollar odatdagidek, ishtirokchilarni biroz chalg‘itishga, fikrlashga, tezkorlikka undadi. Shunday bo‘lsada, kitobxon ishtirokchilar bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishga erishdi.

O‘z nomiga munosib ravishda yuksak aql-zakovat sohiblarini kashf etish va ularni rag‘batlantirishga qaratilgan "Zakovat” musobaqasining viloyat hududiy bosqichida Kadastr agentligi Uchqurg‘on tumani bo‘limining “Uchqurlar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, turnirning Respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, aql tanlovida Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasining “Shijoat” jamoasi ikkinchi, Namangan tumani davlat soliq inspeksiyasining “Intellekt” jamoasi uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Turnirning g‘olib jamoalari va faol ishtirokchilari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Muhimi, turnir tufayli ishtirokchilarning bilimlarini sinovdan o‘tkazish asnosida jamoalar o‘rtasida do‘stlik ko‘prigi mustahkamlandi.
Eslatib o‘tamiz, “Zakovat” intellektual o‘yinining “Davlat soliq qo‘mitasi raisi kubogi” turniri finali shu yilning 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.