Tadbirkorlar bilishi shart bo‘lgan muhim bilimlarning biri soliq to‘lovi.
Ayni paytda ularni 2021 yildagi soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, yangi soliq stavkalari, soliq tekshiruvlarini tashkil etish tartibi yangiliklari juda ham qiziqtirayotgani ham bejiz emas. Chunki, o‘tgan yili pandemiya tufayli soliq to‘lovida berilgan yengillik va imtiyozlar joriy yilda ham saqlanib qolish qolmasligini bilish ular uchun juda muhim.
Bugun Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi va viloyat hokimligi hamkorligida seminar ayni shu masalaga bag‘ishlandi. Unda tadbirkorlik sub’ekti vakillari, iqtisodiyot kompleksi idoralari va OAV xodimlari bevosita, tuman studiyalari Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimizning 26 yanvar kuni iqtisodiyot kompleksi rahbarlari bilan o‘tkazgan videoselektoridagi murojaatidan videolavha namoyish etildi.
Seminarda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi, viloyat soliq boshqarmasi, viloyati hokimligi mas’ullari tomonidan tadbirkorlarga 2021 yildagi soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, to‘lov stavkalari, tekshiruvlarini tashkil etish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, ma’ruzalar va muhokamalar davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 yanvardagi “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga kiritilgan o‘zgarishlar keng sharhlandi.
Ushbu qaror bilan soliq tekshiruvlariga oid nizomlar tasdiqlandi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va ularni soliq xavfi darajasi bo‘yicha toifalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
– Qaror bilan tasdiqlangan nizomda soliq tekshiruvlari turlari va ularning xususiyatlari batafsil tushuntirilib, soliq organlarining mansabdor shaxslari, soliq to‘lovchilar va vakillarining huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yildi, – deydi seminarda ma’ruza qilgan Respublika davlat soliq qo‘mitasi departament direktori Jahongir Abdiyev. – Bungacha ushbu tekshiruvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom Davlat soliq qo‘mitasi buyrug‘i bilan tasdiqlangan edi. Endi tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi idoraviy hujjat sifatida emas, balki Hukumat qarori sifatida qabul qilindi, ya’ni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Nizomga asosan kameral soliq tekshiruvi; sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi.o‘tkazishning tartibi tasdiqlandi.
Shuningdek, qaror bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq chakana savdo bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini xaridorlar tanishishlari uchun qulay ko‘rinadigan qilib joylashtirishlari shart.
Nizomga muvofiq elektron hisobvaraq-fakturaga 2 ta yangi ustun: tovarlarning (xizmatlarning) Yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiya kodi va tovarlar (xizmatlar) shtrix-kodi kiritildi.
Seminarda amaliy ruhda o‘tdi. Tadbirkorlar tomonidan juda ko‘p savol va murojaatlar yo‘llanib, soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar soliq qonunchiligidagi asoslar bilan tushuntirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga 2021 yilda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha buklet va flayeyerlar tarqatilib, ko‘rgazmali vositalar yordamida tushuntirish berildi.
Tadbir yakunida tadbirkorlar tomonidan bu kabi tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini har bir tumanda tashkil etish, biznes sub’ektlarga buxgalteriya hisobini yuritishda soliq idorasi tomonidan ko‘mak ko‘rsatishni kengaytirish, o‘zaro aloqa boti yaratish kabi amaliy takliflar bildirildi. Bu seminardan ko‘zlangan maqsadga – soliq to‘lovchilarning faolligini oshirishga erishilganini ko‘rsatdi.
T.BEKNAZAROV, O‘zA