Joriy yilda soliq to‘lovchilarga qator yengilliklar berildi. Xususan, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlari to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘m (avval 5 milliard so‘m) etib belgilandi. Bundan tashqari, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga qisqartirildi. Soddaroq aytadigan bo‘lsak, avval soliq huquqbuzarligi uchun 5 yil ichida javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, endilikda ushbu muddat 3 yilga qisqartirildi.
Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasida tashkil etilgan seminarda 2024 yil 1 yanvardan boshlab soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish maqsadida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yil 28 dekabr kuni "Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi va Soliq kodeksiga qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Seminar davomida mazkur qonun bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi hamda ularning mazmun-mohiyati tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirildi.
Xususan, joriy yilda davlat byudjeti tushumlarining asosiy qismini tashkil etadigan QQS (12%), foyda solig‘i (15%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12%), shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i (1,5%), aylanmadan olinadigan soliq (4%) va ijtimoiy soliq (12%, byudjet tashkilotlari uchun 25%) stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi.
–Shu bilan birga, aylanmadan olinadigan soliqni 20 million so‘m va 30 million so‘mlik qat’iy belgilangan stavkalari tovar aylanmadan kelib chiqib, yiliga 25 million so‘m va 34 million so‘m sifatida mos ravishda o‘zgartirildi, –deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nazirjon Polvonov.–Shuningdek, barcha soliq to‘lovchilarga teng raqobat muhitini yaratish maqsadida QQS bo‘yicha qonunchilikka qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Soliq kodeksining 237-moddasida ko‘rsatib qo‘yilgan QQS to‘lovchilar safi kengaydi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasida tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet davlat qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar ham QQS to‘lovchi hisoblanishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, 2024 yil 1 apreldan dori vositalari, tibbiyot va veterinariya buyumlari hamda ularni ishlab chiqarish uchun chetdan olib kelingan xomashyo, tibbiy va veterinariya xizmatlariga belgilangan imtiyozlari bekor qilindi.
Bundan tashqari, aholi uchun ichimlik suv ta’minoti, shuningdek kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha ham QQSning nol darajali stavkasi bekor qilindi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga ushbu daromadlar soliq davrida 100 million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq solinishi belgilandi. Ya’ni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromadi 100 million so‘mdan oshgan va 1 milliard so‘mga yetmagan taqdirda aylanmadan olinadigan soliq to‘lashga o‘tishlari zarur yoki ixtiyoriy ravishda umumbelgilangan tartibda (QQS va foyda solig‘i) soliq to‘lashlari mumkin.
Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘zining, shuningdek, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining, erining (xotinining) ta’lim olishi uchun yo‘naltirilgan to‘lov daromad solig‘idan ozod etilgan edi. Ya’ni farzandlar va erining (xotinining) ta’limiga yo‘naltirilgan kontrakt summasi bo‘yicha imtiyoz olish uchun yosh chegarasi (26 yosh) mavjud edi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, ota-onalarning o‘z farzandlari professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishi uchun to‘lovga yo‘naltiriladigan daromadlari soliq solishdan ozod qilinishini belgilandi, aytish mumkinki, farzandlarga nisbatan yosh chegarasi olib tashlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan batafsil javob oldi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri