Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq tizimidagi yangiliklar aholi manfaatlariga xizmat qiladi
23:26 / 2024-01-21

Soliq tizimi rivojlangan davlatda inson manfaatlari qadr topadi.

So‘nggi yillarda soha rivoji yo‘lida ko‘p yangiliklar amalga oshirildi. Bu yangiliklarni aholiga tushuntirish maqsadida joylarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Yangiliklarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan amaliy seminar o‘tkazildi.  

Hozir Sirdaryoda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritayogan fuqarolar 65 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar deganda repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kurerlar, avtomobil yuvuvchilar, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalarini tushunmoq kerak.  

Ularning faoliyati “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom” bilan tartibga solinadi. Hozirgi kunda yuzdan ortiq faoliyat turi bilan o‘zini o‘zi band qilish mumkin. Xohishga ko‘ra, ularning bir nechtasini birvarakayiga tanlash imkoniyati ham mavjud.

Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 28 dekabrdagi qonuni qabul qilindi.

Mazkur normativ huquqiy hujjatlarga asosan soliq qonunchiligiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida yuz million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran Soliq kodeksiga binoan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliqqa tortiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliqni Soliq kodeksida belgilangan tartibda to‘laydi.

Ilgari bir xil faoliyat turlarini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatidan ro‘yxatdan o‘tganlar umuman soliq to‘lamay, lekin xuddi shu faoliyatni amalga oshiruvchi YATTlar soliq to‘lar edi.

Yana aytib o‘tish lozim, xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshiriladigan byudjet tashkilotlarining loyihalari, shuningdek, davlat korxonalari hamda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning infratuzilma loyihalari doirasida tovarlarni realizatsiya qilish va ularning importi 2024 yil 1 yanvardan 2028yil 1 yanvarga qadar QQSdan ozod qilinmoqda.

Shuningdek, 2024 yilning 1 aprelidan  dori vositalari, shuningdek, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari bo‘yicha QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Bunda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga QQS summasi(12 foiz)ni  “keshbek” sifatida qaytarish mexanizmi yaratiladi.

Soliq kodeksining 88-moddasidagi soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari soliq davri tugaganidan keyin besh yildan uch yilga qisqartirildi. Soliq organi yoki boshqa vakolatli organ soliq tekshiruvini o‘tkazishga, tekshiruv natijalari bo‘yicha soliq to‘lovchiga soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnoma yuborishga yoki soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga haqli bo‘lgan muddat soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati hisoblanadi.

Soliq kodeksining 100-moddasidagi soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish shartlariga kameral soliq tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi.

Soliq kodeksining 246-moddasi 11-bandidagi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan import qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatidan dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar, shuningdek, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlarni ishlab chiqarish uchun qonunchilikda belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan xomashyolar chiqarib tashlandi.

2024 yil 1 apreldan boshlab, tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi va (yoki) xushbo‘ylashtiruvchi qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti  tarkibida gazlangan shakar va boshqa turdagi shirinlantiruvchi moddalar qo‘shilgan alkogolsiz ichimliklar mavjud ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish ortiqcha vazn paydo bo‘lishi, qandli diabet, karies kabi kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lishini inobatga olib, ushbu ichimliklar uchun qo‘shimcha soliq kiritishni tavsiya etgan.

Hozirgi kunda 50 dan ziyod mamlakatlarda mazkur turdagi ichimliklarga aksiz solig‘i kiritilgan. Fransiya, Finlyandiya, Vengriya, Irlandiya, Latviya, Buyuk Britaniya, Norvegiya kabi Yevropa davlatlarida, MDHga a’zo davlatlar ichida Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjonda mazkur turdagi ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, soliq tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar va ko‘rilayotgan chora- tadbirlar jamiyat hayotida yuksalishga va inson salomatligining muhofazasiga hizmat qiladi.

Abduqayum  Abdushukurov,

Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA