Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq tizimidagi o‘zgarishlar taraqqiyotga xizmat qiladi
14:52 / 2022-01-24

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida soliq qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi yangilik va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev, mas’ul xodimlar, tuman va shaharlardan tadbirkorlar ishtirok etdi.

– Seminarda O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 741-son Qonuni haqida alohida to‘xtalib o‘tildi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Rahimov. – Ushbu qonun bilan bilan Soliq kodeksining 75 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, tadbirda tadbirkorlarimizga davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyati xususida ham ma’lumot berildi.

Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida, normativ muddatda tugallanmagan ob’ektlarga nisbatan soliq stavkasi 3 foiz, shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda, ko‘chmas mulk ob’ektining 1 kv.metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan minimal miqdorlar belgilanmoqda.

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar safi qisqartirilmoqda. Ya’ni, yuridik shaxslar – qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar (amalda 50 gektar edi) va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydoni mavjud bo‘lsa, shuningdek, soliq maslahatchilari tashkilotlari, auditorlik tashkilotlari, notijorat, shu jumladan byudjet tashkilotlari tovar aylanmasidan qat’iy nazar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.

Seminarda amaldagi soliq turlariga foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘i qo‘shilganligi, soliq to‘lovchining uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilganligi, endilikda to‘lov kontrakti bo‘yicha belgilangan imtiyoz ta’lim kreditini qoplashga yo‘naltirilgan mablag‘larga nisbatan ham tadbiq etilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, soliq tizimida “E-ijara”, “E-aktiv”, “E-imtiyoz” kabi elektron, axborotlashgan xizmatlar ishga tushirildi. Bu soliq to‘lovchilarning elektron xizmatlardan samarali foydalanishi, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Seminarda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutassadilardan javoblar oldi.

 

A.Bo‘riyev, O‘zA