Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq tizimidagi o‘zgarishlar bank xodimlari nigohida
15:28 / 2019-02-27

Mamlakatimizda soliq tizimidagi islohotlarni sifatli amalga oshirish, soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish va ular bilan manzilli ishlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Mamlakatimizda soliq tizimidagi islohotlarni sifatli amalga oshirish, soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish va ular bilan manzilli ishlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Soliq va budjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish maqsadida hududlarda o‘quv-seminarlar, uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Yaqinda “Agrobank” ATB Bosh ofisida “Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining mohiyati va asosiy jihatlari” mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi Jo‘raqul Sattarov, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi iqtisodiyot fanlari doktori Islambek Niyazmetov, bankning rahbar-xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Seminarda qulay raqobat muhiti yaratish, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini ta’minlash, soliq yuklamasini kamaytirish, yurtimizning investitsion jozibadorligini oshirish konsepsiyaning asosiy maqsadi ekani alohida ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda qo‘llanilib kelinayotgan daromad solig‘i, foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov va shu kabi soliq stavkalari haqida qonun va qarorda keltirib o‘tilgan o‘zgarishlar iqtisodiy islohotlardagi muhim bosqichlardan biridir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi iqtisodiyot fanlari doktori Islambek Niyazmetov. – Albatta, shu va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad adolatli soliq tizimiga o‘tishdir. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan soliqning yagona stavkasi 12 foiz miqdorida belgilanishi natijasida tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratib beryapti. Bunday jarayon xodimlarni rag‘batlantirish, qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ishchining o‘z ishidan mamnun bo‘lishiga olib keladi.

Tadbirda Agrobank xodimlari va mijozlarga qo‘shimcha qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va hisob-kitoblarni taqdim etish hamda budjet bilan o‘zaro munosabatlar, soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish xususida ham ma’lumotlar berib o‘tildi.

Ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, ijtimoiy hayotga ta’siri, soliqlarni soddalashtirilishi, soliq stavkalarini pasaytirilishi, biznesni xufiyona iqtisodiyotdan ochiq ishlashga chiqarish hamda investitsion jozibadorlikni oshirish kabi masalalar yuzasidan taqdimotlar qilindi.

O‘quv-seminar davomida Agrobank xodimlari va tadbir ishtirokchilari soliq siyosati konsepsiyasi bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan har bir jarayonda yaratilayotgan qo‘shimcha qiymatga soliqni joriy etish xususida tushunchalarga ega bo‘ldilar.

Muloqotda tadbirkorlar va Agrobank mijozlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.