Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq tizimidagi islohotlar qanday natija bermoqda?
14:56 / 2025-12-02

Mamlakatimizda keyingi yillarda soliq sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi, shaffof va izchil soliq ma’murchiligini joriy etishdan asosiy maqsad soliq yukini qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashdan iborat.

Soliq qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil noyabr holatida O‘zbekiston bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni 237 ming 36 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 17,7 foiz ko‘p bo‘lib, soliq bazasi kengayayotganini va tadbirkorlik faoliyati faollashganini anglatadi.

QQS ro‘yxatidan o‘tish, odatda, barqaror daromad ko‘rsatayotgan korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiy yoki maqbul hisoblanadi. Shu bois, mazkur statistika biznes faoliyatidagi o‘sishning muhim ko‘rsatkichi sifatida qayd etilmoqda.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil noyabrga nisbatan 17,7 foiz ko‘p. Mazkur ko‘rsatkich soliq bazasining kengayishi va tadbirkorlik faoliyatining faollashuvida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Chunki QQS ro‘yxatidan o‘tish asosan barqaror daromadga yega korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiy yoki ma’qul bo‘lgan tartib. 

Bugungi kunda eng ko‘p qo‘shilgan qiymat solig‘i ro‘yxatidagi sub’ektlar quyidagi sohalarga to‘g‘ri keladi. Savdo 83,5 ming, qishloq xo‘jaligi 48,4 ming, sanoat  28,4 mingtani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, 2025 yil mart–avgust oylarida e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 18–19 foiz atrofida oshdi.

Joriy yilning 1 avgust holatida 233 ming 48 QQS to‘lovchi ro‘yxatga olinib, 2024 yilga nisbatan 18,5 foizlik o‘sish qayd etildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i ro‘yxatiga yangi sub’ektlar asosan quyidagi yo‘nalishlardan qo‘shilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sektorida o‘sish 77 foiz, transport sohasida 18 foiz, axborot va aloqa sohasida esa 14 –15 foizga oshgan. Bu tendensiyalar shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy savdo, qishloq xo‘jaligi va sanoatdan tashqari, xizmatlar, transport va IT sohalari ham soliq to‘lovchilar ro‘yxatida tobora ko‘proq o‘rin olmoqda. 

Joriy yilning boshidan sentyabrigacha bo‘lgan davrda davlat tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berish mexanizmi amalda bo‘lgan 4 ming 272 ta korxona va tadbirkor 13,5 trillion so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib olgan. Bu mexanizm, ayniqsa ishlab chiqarish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi korxonalar uchun muhim bo‘lib, ularning aylanma mablag‘larini ko‘paytiradi va kengayishlariga imkon beradi. 

2024-2025 yillarda soliq tizimida olib borilgan islohotlar, shaffoflik va raqamlashtirish choralari qo‘shilgan qiymat solig‘i ro‘yxatidagi o‘sishlarga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, 2024 yilda soliq organlari tomonidan yirik soliq to‘lovchilarning ro‘yxati yangilangan, bu esa byudjetga tushumlarning oshishiga sabab bo‘lgan. Natijada, 2025 yilning birinchi yarmida byudjet tushumlari 102,6 trillion so‘mni tashkil etib, soliq tushumlarining sezilarli qismini qo‘shilgan qiymat solig‘i va tegishli soliq turlari tashkil etdi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, QQS ro‘yxatiga ko‘proq tadbirkorlik sub’ektlarining kiritilishi nafaqat ularning daromadlari oshgani, balki umumiy soliq madaniyatining rivojlanayotgani, soliq ma’lumotlari tizimining raqamlashtirilayotganidan dalolat.

Bir so‘z bilan aytganda, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari ko‘paysa, bu davlat uchun soliq tushumlarining barqaror oshishi, byudjet mustahkamligi va investitsiyalar uchun sharoitlarning kengayishiga turtki bo‘ladi. Xizmat, transport va IT sohalarining QQS ro‘yxatida ko‘proq o‘rin olishi iqtisodiyotning ko‘p tarmoqli rivojlanishi, ya’ni sanoat, xizmatlar, IT-balansining shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA