Soliq qo‘mitasida markaziy apparat, hududiy soliq idoralari hamda tizim tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat soliq xizmati organlarining 2025 yildagi faoliyati natijalari batafsil sarhisob qilinib, 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish avvalida Soliq qo‘mitasi raisi F. Po‘latov 2025 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining to‘liq bajarilgani munosabati bilan soliq organlari shaxsiy tarkibining samarali mehnatini alohida e’tirof etdi. Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlat byudjetiga soliq tushumlari o‘tgan yilga nisbatan 24,3 foizga, hududlar kesimida esa 26,5 foizga o‘sgani qayd etildi.

Hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomalarida soliq organlari zimmasiga yuklatilgan ustuvor vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Jumladan, Prezidentimizning Murojaatnomalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi tizim eskirgani, mazkur yo‘nalishda mutlaqo yangi ish uslubiga o‘tish zarurligi ta’kidlanib, 2026 yil “favqulodda holat yili” deb e’lon qilingani hamda 30 dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan Farmon qabul qilingani alohida qayd etildi. Shu asosda, 2025 yilda soliq organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan ma’muriy va jinoiy huquqbuzarliklar, shuningdek, salbiy holatlar keskin tanqid ostiga olindi.

Soliq ma’murchiligini takomillashtirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida qabul qilingan Qonunlar, Farmonlar va qarorlar asosida 2026 yilda soliq qonunchiligiga 110 dan ortiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan soliq organlariga yuklatilgan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash, shuningdek, raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Joriy yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi.
Hay’at yig‘ilishida qo‘mita raisi o‘rinbosarlari, hududiy boshqarmalar hamda tuman (shahar) soliq organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Muhokamalar yakunlariga ko‘ra, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan, ish faoliyatida jiddiy kamchilik va xatoliklarga yo‘l qo‘ygan 53 nafar mas’ul xodimga nisbatan intizomiy chora qo‘llanildi. Jumladan, 7 nafar hududiy soliq inspeksiyasi rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilish yakunida 2026 yilning I choragi uchun barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz va sifatli ta’minlash, shuningdek, soliq ma’murchiligiga kiritilgan yangiliklarni soliq to‘lovchilarga o‘z vaqtida va tushunarli tarzda yetkazish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA