Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurgan edi.
Mazkur tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yurtboshimiz sohani raqamlashtirish, soliq to‘lovchilar o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini jadallashtirish borasida vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar bilan uchrashuvlar, amaliy seminarlar o‘tkazish ishlari yanada keng miqyosda boshlab yuborildi.
Jumladan, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari «COCA-COLA ICHIMLIGI UZBEKISTON LTD» MCHJ XKda hamda «UZBAT» AJ qo‘shma korxonasida bo‘lib, soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlar, sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Bu haqda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Targ‘ibot tadbiri davomida soliq to‘lovchilarga 2022 yil 11 martda qabul qilingan «Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 758-son qonuni bilan soliq ma’murchiligiga tatbiq etilgan yangi tartib-taomillar borasida atroflicha tushuntirish berildi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi. Soliq to‘lovchilar mazkur targ‘ibot tadbiri har ikkala tomon uchun ham manfaatli ekanligini ta’kidlab, minnatdorlik bildirdi.
Inspeksiyasi tomonidan joylarga chiqqan holda yirik soliq to‘lovchi korxona vakillari ishtirokida amaliy seminarlar davom etmoqda.