Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq siyosatidagi o‘zgarishlar mohiyati tushuntirildi
19:14 / 2026-01-17

Namangan shahar hokimligi majlislar zalida viloyat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, soliq qonunchiligidagi yangiliklarni joylarda tushuntirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari hamda hisobchilar uchun 2026 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Keng qamrovli muloqotda mutaxassislar tomonidan joriy yilda soliq siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Xususan, soliq stavkalari va soliq turlari bo‘yicha o‘zgarishlar, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulayliklar atroflicha yoritildi.

Tadbir davomida soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish, soliq hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish, raqamli soliq xizmatlaridan samarali foydalanish hamda soliqlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hisoblash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlar va hisobchilarga kundalik faoliyatda duch kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

– Amalda soliq to‘lovchilarga o‘z vaqtida topshirilmagan har bir soliq hisoboti uchun alohida jarima qo‘llaniladi. Jarima miqdori fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga esa 10 baravarini tashkil etardi, – deydi uchrashuv ishtirokchilaridan Jasur Nasriddinov. – Endilikda kichik biznes vakillariga bir nechta hisobotlar topshirilmagan taqdirda barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha bitta jarima qo‘llanilishi biz kabi tadbirkorlar uchun yana bir yengillik va qo‘llab-quvvatlash, deb o‘ylayman. Soliqchilar bilan fikr almashish va samimiy muloqot qilish – bu har ikki tomon uchun ham manfaatli. “Soliqchi-tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili orqali o‘tkazilayotgan uchrashuvlar tadbirkor sifatida yaxshiroq qarorlar qabul qilishimizga zamin yaratishi mumkin.

Mazkur seminar tadbirkorlar va buxgalterlarning soliq va byudjet siyosati bo‘yicha bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.